Rossiyalik Arkadiy Dvorkovich Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi doirasida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan keyin FIDe prezidenti vakolatlarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatishga qaror qildi.

FIDe rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, mazkur qaror darhol kuchga kirgan. Federatsiya ustaviga muvofiq, Dvorkovichning vazifalarini vaqtincha FIDe vitse-prezidenti, shaxmat bo‘yicha 15-jahon chempioni Vishvanatan Anand bajaradi.

FIDe kengashi ham Dvorkovichning qarorini ma’qullaganini ma’lum qildi. Bayonotda qayd etilishicha, u Yevropa Ittifoqi sanksiyalari amal qilgan davrda FIDe yoki uning aktivlari bo‘yicha rahbar, egalik qiluvchi yoki nazorat qiluvchi shaxs sifatida faoliyat yuritmaydi.

Dvorkovich Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga qo‘shilmasligini bildirib, ushbu qarorni sud orqali bekor qilish uchun huquqiy tartibda shikoyat qilishini ma’lum qildi.

23 iyul kuni kuchga kirgan Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi doirasida yana 48 nafar jismoniy va 170 ta yuridik shaxs cheklovlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Yevropa komissiyasi buni Ukrainadagi urush boshlanganidan beri sanksiyalar ro‘yxatining eng yirik kengayishi deb baholadi.

Yevropa Ittifoqi Arkadiy Dvorkovichni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni uning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga ommaviy qo‘llab-quvvatlov bildirgani hamda Rossiya shaxmat federatsiyasi bilan aloqadorligi, ushbu federatsiya esa egallab olingan Ukraina hududlarida musobaqalar o‘tkazish orqali Rossiya harakatlarini qonuniylashtirishga xizmat qilgani haqidagi iddaolar bilan izohladi.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning ittifoq hududidagi aktivlari muzlatiladi hamda ular uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirish taqiqlanadi.