«Kommersant» nashrining yozishicha, Ukraina hujumlari natijasida Wildberriesʼning Moskva viloyatidagi Elektrostal, Tambov viloyatining Kotovsk shahri, Krasnodar hamda Stavropol o‘lkasining Nevinnomissk shahrida joylashgan yirik logistika majmualari yongan yoki turli darajada shikastlangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hujumlar ta’siriga uchragan omborlarning umumiy maydoni 552 ming kvadrat metrni tashkil etgan. Jumladan, Elektrostaldagi ombor maydoni 250 ming kvadrat metr, Kotovskdagi ob’yekt 108 ming kvadrat metr, Krasnodardagi logistika markazi 100 ming kvadrat metr, Nevinnomisskdagi ombor esa 94 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaning kamida to‘rtta logistika ob’yekti to‘liq tiklanishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Koledino logistika markazi esa kompaniya va elektron tijorat bozori ishtirokchilari ma’lumotiga ko‘ra, faoliyatini davom ettirmoqda. Kotovskdagi omborni esa yaqin kunlarda qayta ishga tushirish rejalashtirilgan.

Natijada hozircha kompaniyaning taxminan 444 ming kvadrat metr yoki umumiy logistika quvvatlarining 8 foizi foydalanishdan chiqqan. Ko‘chmas mulk bozori vakili bahosicha, shunday hajmdagi yangi omborlarni uskunalarsiz qurish qiymati taxminan 35,5 milliard rublga teng.

Bozor ekspertlari fikricha, Wildberries uchun vayron bo‘lgan logistika markazlarini qayta tiklash mutlaqo yangi omborlar qurishga nisbatan arzonroqqa tushishi mumkin. Yaqin istiqbolda kompaniya logistika zanjirini qayta tashkil qilib, tovarlarning bir qismini Ural va Sibirdagi omborlarga yo‘naltirishi ehtimoli yuqori ekani qayd etilmoqda.

18 iyul kuni Ukraina Tambov viloyatining Kotovsk shahri va Moskva viloyatidagi Elektrostal logistika markazlariga zarba bergan edi. Hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan, qariyb 50 kishi jarohatlangan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu zarbalarni Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga uyushtirgan hujumlariga javob sifatida izohlagan. Uning ta’kidlashicha, mazkur logistika markazlari dronlar va navigatsiya uskunalari ishlab chiqarish uchun sanksiyalar ostidagi butlovchi qismlarni yetkazib berishda foydalanilgan.

Undan bir kun avval esa Wildberriesʼning Krasnodar va Nevinnomissk shaharlaridagi logistika markazlari ham hujumga uchragan edi.