25 iyul, shanbaga o‘tar kechasi Belgorod viloyati va uning ma’muriy markazi Belgorod shahri uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga uchradi. Bu haqda viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Shuvayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida shahar ko‘chalarida ayrim ob’yektlarga zarar yetgan va yong‘inlar kelib chiqqan. Hodisa joylarida o‘t o‘chirish guruhlari ish olib bormoqda. Shuvayev jabrlanganlar ham borligini bildirgan, ammo ularning aniq sonini ochiqlamagan.

Ukrainaning Exilenova monitoring kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Belgorodda logistika omborlari hamda energetika infratuzilmasi ob’yektlari zarba ostida qolgan. Xususan, «Yujnaya» elektr nimstansiyasi va «Luch» issiqlik elektr markaziga zarba berilgani aytilmoqda. Mazkur ma’lumotlar mustaqil ravishda tasdiqlangani haqida xabar berilmagan.

Rostov-Donda ham yong‘in kuzatildi

Rostov-Don shahriga ham dronlar hujum qilgani haqida mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqatdi. Shahar rahbari Aleksandr Skryabin hujum bo‘lganini tasdiqlagan, biroq uning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Shu bilan birga, shahar aholisi ijtimoiy tarmoqlarda kamida bir joyda yirik yong‘in kuzatilayotgani aks etgan video va suratlarni e’lon qilgan.

Engelsda harbiy qism hududida yirik yong‘in chiqdi

25 iyulga o‘tar kechasi Saratov viloyatining Engels shahrida ham katta yong‘in sodir bo‘ldi. Exilenova loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in harbiy aerodrom yaqinida joylashgan 22-gvardiya og‘ir bombardimonchi aviatsiya diviziyasi shtabi hududida chiqqan bo‘lishi mumkin.

Biroq loyiha dastlabki ma’lumotlarga asoslanib, harbiy ob’yektdagi yong‘in dron hujumi natijasida kelib chiqqanini tasdiqlash imkoni yo‘qligini ta’kidlagan.

Mahalliy aholining aytishicha, harbiy kazarmalardan biridagi bino o‘zidan o‘zi yona boshlagan va undan oldin dron hujumi kuzatilmagan. 25 iyul tongiga qadar mahalliy hokimiyat ham Engelsda dron hujumi sodir bo‘lganini rasman tasdiqlamagan.

Shu bilan birga, yong‘in haqidagi dastlabki xabarlar tarqalishidan biroz oldin Saratov viloyatida «uchuvchisiz apparatlar xavfi» rejimi e’lon qilingan.

Engels aerodromiga avval ham hujum qilingan

ASTRA loyihasi guvohlar tomonidan olingan video va suratlarni o‘rganib, Engelsdagi yong‘in harbiy qism va aerodrom joylashgan hududda kelib chiqqanini qayd etgan.

Ushbu aerodrom 16 iyulga o‘tar kechasi ham dronlar hujumiga uchragani xabar qilingan edi. O‘shanda Rossiyaning Tu-95MS strategik bombardimonchi-raketa tashuvchi samolyotiga zarar yetkazilgani tasdiqlangan. Rossiya bu turdagi samolyotlardan, jumladan, Ukraina hududiga raketa zarbalari berish uchun foydalanadi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri Engelsdagi harbiy aerodrom bir necha bor uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi nishoniga aylangan.