2022−2025-yillarda 14 yoshga toʻlmagan bolalarning nomusiga tegish boʻyicha 445 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu haqda 29-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi Gulruh Agzamova maʼlumot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, 2022-yilda bunday holatlar boʻyicha 85 ta, 2023-yilda - 108 ta, 2024-yilda - 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Bu maʼlumotlar bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida keltirildi.

«Bugun biz shunchaki navbatdagi qonun loyihasini muhokama qilayotganimiz yoʻq. Biz bolalar taqdiri, ularning xavfsizligi, ertangi kunga boʻlgan ishonchi, eng muhimi, jamiyatimizda bola qadri qanchalik ustuvor ekanligi haqida gaplashmoqdamiz», dedi Agzamova.

Deputat Namangan viloyatida yaqinda sodir boʻlgan holat bolalarga nisbatan ogʻir jinsiy zoʻravonlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish zaruratini yana bir bor koʻrsatganini taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, bolalarga nisbatan oʻta ogʻir jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, jumladan, 14 yoshga toʻlmagan bolaning nomusiga tekkanlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish haqidagi qonun loyihasi 29-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Qonun kuchga kirishi uchun Senatda maʼqullanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.