Uy-joy sotib olishda firibgarlik holatlarining oldini olish va qurilish ob’yektining qonuniyligini tekshirish maqsadida dshk.shaffofqurilish.uz geoportali ishga tushirilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi mazkur tizim orqali qurilish ob’yektlariga oid ma’lumotlarni tekshirish, noqonuniy qurilishlarni aniqlash va shaharsozlik hujjatlariga oid ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
Portalda qonunbuzilish holatlari aniqlangan ob’yektlarning maxsus reyestri ham shakllantirilgan. Unda ob’yektlarning manzili, maydoni va fotosuratlari joylashtirilgan.
Shuningdek, interaktiv xaritadagi rangli belgilar orqali qurilish ob’yektining amaldagi holatini bilib olish mumkin. Xususan, ko‘k rang qurilish ishlari qonuniy davom etayotganini, qizil rang ishlar to‘xtatilganini, qora rang esa qurilish bekor qilinganini anglatadi.
Agar xaridor qiziqish bildirayotgan qurilish ob’yekti xaritada umuman aks etmagan bo‘lsa, bu uning rasmiy ro‘yxatdan o‘tmaganini anglatishi mumkin.
Bundan tashqari, tizim orqali ob’yekt davlat nazoratiga olingan-olinmagani, hudud buzilish yoki renovatsiya rejalariga kiritilgan-kiritilmaganiga oid ma’lumotlarni ham tekshirish imkoniyati mavjud.
Mutaxassislar fuqarolarga, ayniqsa yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadon xarid qilish yoki qurilishga mablag‘ kiritishdan avval ob’yekt haqidagi ma’lumotlarni rasmiy baza orqali tekshirib olishni tavsiya qilmoqda.








