Turkiyaning Aksa Elektric kompaniyasi bir hafta ichida Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining taqsimlovchi elektr tarmoqlari boʻyicha kelishuvlarni imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya direktorlar kengashi raisi Jamil Kazanji «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

«Bizga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan loyiha lar taqdim etildi. Endi ularni tez fursatda oʻrganib, oʻz takliflarimizni bildiramiz. Ushbu tashrifimiz aniq kelishuvlar bilan yakunlanishini istaymiz», - dedi Aksa rahbari.

Kazanjining soʻzlariga koʻra, hozirgacha kompaniya Oʻzbekistonga 750 mln dollar sarmoya kiritib, toʻrtta elektr stansiyasini qurdi.

«Kelgusida elektr energiyasi va gazni taqsimlash sohasida ham faoliyatimizni davom ettiramiz», - dedi u.

Avvalroq, Samarqand viloyatidagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqarish boʻyicha Aksa kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi tuzilgandi. Xususiy sherik 12 yil davomida 357 mln dollar, shu jumladan dastlabki 2 yil ichida kamida 27 mln dollar toʻgʻridan toʻgʻri investitsiya kiritish majburiyatini olmoqda. Aksa tarmoqlarni modernizatsiya qilib, yoʻqotishlarni kamaytirishi kerak, davlat esa bitimga muvofiq investorning daromadini kafolatlaydi.