«Real»da yirik, «Arsenal»da qiyin gʻalaba. Kun oʻyinlari
|12:088928 min
APLda maydon markazidan gol urildi, «MU» antirekordini yangiladi, «Arsenal» oʻyini chiqmaganda ham 3 ochko qoʻlga kiritdi; Madridda esa Vinisius yoʻqligida Diomande porlamoqda. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida roʻy bergan asosiy voqealar, oʻyinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Maykl Kerrik Daniel Farke bilan boʻlib oʻtgan olti dueldan faqat bittasida gʻalaba qozongandi, u ham boʻlsa – Liga kubogida. U «Midlsbro» boshqaruvida chempionshipda «Lids»ga qarshi oʻtkazgan toʻrt oʻyinda ham germaniyalik mutaxassisning qoʻli baland kelgandi, oʻtgan mavsumning ikkinchi davrasida esa yorkshirliklar «Old Trafford»dan gʻalaba bilan qaytgandi (2:1).
Murabbiylarning bu safargi toʻqnashuvi esa koʻpchilik Kerrikning isteʼfosini talab qilayotgan davrga toʻgʻri keldi. Oʻyinning dastlabki qismi ancha zerikarli kechdi – 25 daqiqa ichida darvoza tomon birgina zarba yoʻllandi. Bu oraliqdagi eng yodda qolarli epizod esa 19-daqiqada Gudmundssonning butsasining ostki qismi bilan Santosning oyogʻiga zarba bergani boʻldi. Bunday fol uchun qizil berish ham mumkin edi, ammo hakam mezbonlar futbolchisini kechirdi va sariq kartochka bilan kifoyalandi.
Boʻlimning ikkinchi qismida vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Mbeumo bir necha imkoniyatlarga ega boʻldi va faqat uchinchi urinishda oʻz maqsadiga erishdi va Yuri Tilemansning qanotdan uzatmasini golga aylantirdi. Bu kamerunlik futbolchi uchun joriy mavsumdagi toʻrtinchi golga aylandi.
Ammo shu kuni Kerrik Farkega qarshi oʻyinlardagi noxush anʼanasini baribir yoʻqqa chiqara olmadi. Ikkinchi boʻlim boshida mezbonlar hujumkorlikni oshirishdi va bu Kalvert-Lyuin hisobni tenglashtirishi bilan yakunlandi. Ingliz hujumchisi standart vaziyat chogʻida Muharemovich orqali kelgan toʻpni darvozaga kiritib yubordi – 1:1.
«Yunayted» qatorasiga uchinchi oʻyinda durang oʻynadi va hamon turnir jadvalining ikkinchi qismida va peshqadamlar guruhidan koʻra xavfli zonadagilarga yaqinroq. Tashqarida oktabr, «qizil iblislar» esa mavsum startidagi yetti oʻyinda atigi bir gʻalabaga erishgan. Bunaqa yomon start jamoa tarixida hali boʻlmagandi. Maykl Kerrikning isteʼfosi haqidagi chaqiriqlar yanada balandroq yangray boshladi.
Parallel oʻyinda esa mavsumni oʻta yorqin boshlagan «Brayton» dastlabki oʻn daqiqa ichida uchta gol urdi, yakuniy 5:0 hisobi esa «chaykalar»ning «Kristal Pelas» ustidan 1956-yildan buyon qozongan eng yirik gʻalabasi boʻldi (oʻshanda jamoalar uchinchi divizionda ishtirok etardi). Fabian Hyurseler jamoasi sermahsullik borasida fantastik koʻrsatkich qayd etmoqda: 7 turda 23 gol urildi. APL tarixida bundan yuqoriroq koʻrsatkichni faqat uch klub qayd etgandi – «Manchester Siti» (27), «Arsenal» va «MU» (24 tadan).
Diyego Gomesning goli esa nafaqat oʻyinning, balki tur bezagiga aylandi. Paragvaylik yarimhimoyachi maydon markazida turgan holda toʻpni darvozabon ustidan oshirib darvozaga yoʻlladi. Bunday harakat «Brayton»ning hozirda oʻziga boʻlgan ishonchining yaqqol namunasi boʻldi. Opta maʼlumotiga koʻra, zarba berilgan nuqtadan darvozagacha boʻlgan masofa 51 metrni tashkil etgan. Bu Runining 2017-yilda 58 metrdan urgan golidan beri eng uzoq masofadan urilgan gol boʻldi. Bu gʻalabadan keyin «Brayton» onlayn jadvalda ikkinchi oʻringa koʻtarilib oldi.
«Brayton» tur yakunlariga koʻra ikkinchi oʻrinda qolishi mumkin edi, ammo «Arsenal» qiyin oʻyinda ham gʻalaba qozonishni uddaladi. «Kanonirlar» oʻzi uchun noqulay boʻlgan raqib maydonida (oxirgi ikki mavsumda «Siti Graund»da hisob ochilmagandi, umuman bu stadionga qilingan oxirgi 6 oʻyinda birgina gʻalabaga erishilgandi) oʻyinning oxirgi qismida gʻalaba golini urdi. Mezbonlar butun oʻyin davomida quyi blokda himoyalanishdi, lekin 80-daqiqada Edegorning toʻpni raqib jarima maydoniga yetkazishga boʻlgan harakati yana bir bor himoyachilar tomonidan bloklanganida Rays hujumni ikkinchi tempda davom ettirdi va chap qanotda oʻzini taklif qilgan Maduekega pas berdi. Ikkinchi boʻlimda zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan ingliz futbolchisi esa jarima maydoniga kirib, fint bilan raqibni yoʻldan oldi va oʻzi uchun noqulay boʻlgan oʻng oyogʻida zarba berdi. Toʻp himoyachiga tekkan holda yoʻnalishini oʻzgartirib, darvozabonni dogʻda qoldirdi. «Oʻrmonchilar» shundan keyingina oldinga tashlandi, ammo bir necha vaziyatlardan foydalana olmadi. Rays va Konsaning himoyadagi jonbozligi londonliklar uchun gʻalabani saqlab qoldi. Mikel Arteta jamoasi muhim ochkolarni qoʻlga kiritdi va turnir jadvalida «Siti»ni uch ochkolik farq bilan taʼqib qilishda davom etmoqda.
Vinisius Junior «Vilyarreal»ga qarshi oʻyindagi harakatlari uchun toʻrt oʻyinga diskvalifikatsiya qilinishi «Real» boshlangʻich tarkibida ikkita muhim oʻzgarishga olib keldi. Birinchidan, «Roma» bilan oʻyin qahramonlaridan biri Endrik haqli ravishda boshlangʻich tarkibdan oʻrin oldi, Diomande esa nihoyat hujumning chap qanotida tushirildi, u oldingi jamoasida ham, Kot-dʼIvuar milliy jamoasi safida ham aynan shu qanotda samaraliroq ekanini koʻrsatgandi. Aynan ushbu afrikalik futbolchi birinchi boʻlimda ikki golli vaziyat yaratib berdi va faoliyatida ilk bor qatorasiga ikki oʻyinda ikki assist muallifiga aylandi.
U avvaliga toʻpni Bellinghemdan qabul qilib olib, Arda Guler oldinda oʻzini taklif qilishini kutib turdi, turkiyalik yarimhimoyachi esa uning pasini ajoyib trayektoriyada toʻsin ostidan darvoza toʻriga yoʻlladi. Keyin esa Yan va Jud Mbappe uchun golli vaziyat yaratib berishdi. Kilian darvozabonga hech qanday imkon qoldirmadi va Yevropa ligalarida urilgan gollar soni boʻyicha afsonaviy Bernar Lyakomb bilan tenglashib oldi (255). U fransuz toʻpurarlari reytingida Karim Benzemani (281 gol) quvib yetishga ham koʻp qolmadi.
U shu oʻyinning oʻzida Lyakombni ortda qoldirdi va Benzemani taʼqib etishga kirishdi. Diomandening ajoyib pasidan keyin u jarima maydoniga kirib bordi va penalti ishlab, uni oʻzi panenka zarbasi bilan aniq ijro etdi. Buenoning hisobni qisqartiruvchi goli esa madridliklarni yana oldinga boshladi va oʻyinning eng yaxshi futbolchisi boʻlgan Diomande oʻz nomiga ham gol yozib qoʻydi.
Oʻyin oxirida esa Eder Militao olqishlar ostida «Bernabeu»ga qaytdi. Joze Mourinio klasikoga bir hafta qolganida himoya uchun qoʻshimcha opsiyaga ega boʻldi.