Rossiya qoʻshinlari 26-avgustga oʻtar kechasi va ertalab Ukrainaning bir qator hududlariga hujum qildi.
Chernixiv shahar kengashi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, erta tongda shaharga berilgan zarbadan keyin xususiy turar joyda yongʻin chiqqan. Uy olov oqibatida deyarli toʻliq vayron boʻlgan.
Hujum paytida uyda uch kishi boʻlgan. Ulardan ikki nafari - 39 yoshli ayol va 4 yoshli qiz voqea joyida halok boʻlgan. 14 yoshli qiz esa jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Keyinroq Chernixivga takroriy zarba berilgan. Shahar harbiy maʼmuriyati rahbari Dmitriy Brijinskiyning maʼlum qilishicha, hujum oqibatida ombor binosi shikastlangan va toʻrt kishi jarohatlangan.
Chernigov shahar kengashiga koʻra, ikkinchi zarba ertalab hujum qilingan manzilga yana berilgan. Vayronalar ostida odamlar qolgan boʻlishi mumkinligi aytilmoqda.
Rossiya qoʻshinlari Donetsk va Xerson viloyatlariga ham zarbalar bergan.
Xerson viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Aleksandr Prokudinning maʼlum qilishicha, soʻnggi bir sutkada Rossiya hujumlari oqibatida bir kishi halok boʻlgan, 12 kishi jarohatlangan.
Uning soʻzlariga koʻra, zarbalar muhim va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, shuningdek, aholi yashash hududlariga berilgan. Natijada sakkizta koʻp qavatli va beshta xususiy uy shikastlangan. Bir kun avval hududdagi jamoalardan 15 kishi evakuatsiya qilingan.
Donetsk viloyatining Kramatorsk tumanidagi Slavyansk shahriga berilgan aviatsiya zarbasi natijasida ikki kishi jarohatlangan. Shahar harbiy maʼmuriyati rahbari Vadim Lyaxning maʼlum qilishicha, portlashlar shahar markazida sodir boʻlgan va kamida 12 ta koʻp qavatli uyga zarar yetgan.
Tungi havo hujumi Kiyevda ham qayd etilgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, Goloseyevskiy tumanida dron parchalari 16 qavatli turar joy binosiga tushgan.
Binoning 14-qavatida devorlar shikastlangan va derazalar singan. Bir ayol jarohatlangan, kelib chiqqan yongʻin esa oʻchirilgan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ertalabki maʼlumotiga koʻra, Rossiya armiyasi 26-avgustga oʻtar kechasi Ukrainaga 162 ta zarba beruvchi va imitatsion dron bilan hujum qilgan.
Ular orasida Shahed, «Gerbera» va «Parodiya» turidagi uchuvchisiz uchish apparatlari boʻlgan. Ukraina tomoni maʼlumotiga koʻra, dronlar Kursk, Oryol, Primorsko-Axtarsk, Rossiya nazoratidagi Donetsk hamda qoʻshib olingan Qrimdagi Gvardeyskoye hududidan uchirilgan.






