Chernihiv oblastining Priluki shahrida Rossiya dronlarining tungi hujumi oqibatida besh kishi, jumladan, bir yoshli bola halok bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, zarba oqibatida mahalliy o‘t o‘chirish bo‘limi boshlig‘ining rafiqasi, qizi va nevarasi halok bo‘lgan, uning o‘zi bundan zarba oqibatlarini bartaraf etish uchun voqea joyiga yetib kelganida xabar topgan.

Payshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 103 ta zarbdor dron va imitator dronlar bilan hujum uyushtirdi, zarbaning asosiy yo‘nalishlari – Chernihiv, Xarkiv va Odessa oblastlari, deya ma’lum qildi Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari. Ularning hisobotida 74 ta dron zararsizlantirilgani, 16 ta lokatsiyada zarbalar qayd etilgani aytiladi.

Prilukidagi fojia

Chernihiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vyacheslav Chausning ma’lum qilishicha, Prilukiga kamida oltita dron hujum qilgan.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, besh kishi halok bo‘lgan, ulardan ikki nafari ayol va bir yoshli bola vayronalar ostidan topilgan. Shuningdek, hozircha olti kishi jarohatlangani haqida ma’lumot bor. Ular kasalxonaga yotqizilgan», – deb yozgan Chaus.

Ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning yozishicha, dron mahalliy yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘ining uyiga tushgan. «Uning oilasi halok bo‘ldi. Rafiqasi. Qizi – patrul politsiya xodimi. Va uning bir yoshli o‘g‘li», – deb yozdi Klimenko telegram-kanalida.

Boshliqning o‘zi o‘sha kecha yong‘in-qutqaruv ekipaji bilan birgalikda zarba oqibatlarini bartaraf etish joyiga kelgandi.

«Dushmanning tungi hujumi paytida biz hamkasbimiz – politsiyachi Darina Shigidani yo‘qotdik. U bilan birga endigina bir yoshga to‘lgan o‘g‘li va onasi ham halok bo‘ldi. Darya 2020 yilda Kiyev politsiyasi safiga qo‘shilgan. Kuchli, yorqin va samimiy. Uning o‘t o‘chiruvchi otasi qizini bolaligidan odamlarga yordam berishga o‘rgatgan. Uning turmush o‘rtog‘i ham patrul politsiyachisi bo‘lib, xizmatda doimo qo‘llab-quvvatlagan va yordam bergan», – deyiladi politsiya xabarida.

Politsiyaning halok bo‘lgan xodimi Darina Shigida

Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati zarba oqibatlarini namoyish etgan va zarbalar tufayli turar joy sektorida keng ko‘lamli yong‘inlar boshlanganini ma’lum qilgan.