Toshkentda yangi tashkil etilgan davlat maktabi – Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda toʻlov-shartnoma asosidagi qoʻshimcha sinflar ochilmoqda.
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi 20-avgust kuni bu haqda rasmiy eʼlon berdi.
Eʼlonda pulli sinflarning ochilishi – ota-onalardan kelib tushgan koʻplab taklif va talablar bilan izohlangan.

Kun.uz agentlik koll-markazi bilan bogʻlandi. Operatorga koʻra, toʻlov-shartnoma asosidagi sinflarga shu maktabda oʻqish uchun hujjat topshirgan, lekin imtihondan oʻta olmagan bolalar qabul qilinadi.
1-4-sinflar uchun toʻlov miqdori oyiga 24 mln soʻm, 5-7-sinflar uchun – 29 mln soʻm.
Agar bola boshqa hududdan boʻlsa, u holda ota-ona oyiga qoʻshimcha 3 mln soʻm toʻlagan holda uni maktab yotoqxonasiga joylashi mumkin.
Huquqiy asos – yopiq
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi matbuot kotibi Jahongir Rahmonovning maʼlum qilishicha, ota-onalardan shu masalada 22 mingdan ziyod murojaatlar boʻlgan.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 908-son qarorida bu amaliyotning huquqiy asosi belgilangan. Biroq bu qaror “xizmat doirasida foydalanish uchun” boʻlgani sababli uning mazmunini ochiqlash imkoni yoʻq.
Rahmonovning taʼkidlashicha, imtihondan oʻtgan oʻquvchilar uchun taʼlim bepul. Maktabda ingliz va xitoy tillari chuqurlashtirib oʻqitiladi. Oʻquvchilar uchun besh mahal ovqatlanish, sport mashgʻulotlari va til oʻrganish darslari ham bor. Ammo narxlar nimaga asoslangani nomaʼlum.
Maʼlumot oʻrnida, ixtisoslashtirilgan maktablar davlat tizimidagi taʼlim muasssasasi hisoblanadi va davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Maktabga xorij taʼlim dasturi va xorijdan oʻqituvchilar jalb qilinishi ham byudjet hisobidan.









