TMK tasarrufidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida boshqaruv raisi Farhod Abdullayev hamda kombinat tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.

Unda yosh mutaxassislarning kasbiy oʻsishi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallashi, yangi loyihalarda ishtirok etishi, tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etishi hamda kelajakda boshqaruv masʼuliyatini oʻz zimmasiga olishi masalalari muhokama qilindi.

Farhod Abdullayev: “Bu yerga sizlarni eshitish uchun keldim”

Ochiq muloqot avvalida Farhod Abdullayev uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarga maʼruza qilish emas, balki ularning fikr va takliflarini bevosita eshitish ekanini taʼkidladi.

“Bugun bu yerga sizlarga maʼruza oʻqish uchun emas, sizlarni eshitish, fikr va takliflaringizni bilish hamda TMKning kelajagi haqida birgalikda suhbatlashish uchun keldim. Chunki har qanday tashkilotning ertangi kuni, avvalo, uning yoshlariga bogʻliq”, - dedi u.

Muloqot davomida yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan masalalar, ish jarayonida uchrayotgan muammolar, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari va yangi tashabbuslar, xususida toʻgʻridan toʻgʻri savollar berishdi. Takliflar rahbariyat tomonidan tinglanib, ularni koʻrib chiqish va amaliyotga joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, zavodning 352 nafari yoshlar boʻlib, Farhod Abdullayev ushbu koʻrsatkich ortida har bir yosh xodimning taqdiri, maqsadi va salohiyati turganiga urgʻu berdi.

“Men uchun 352 nafar yosh oddiy raqam emas. Bu - 352 ta taqdir, 352 ta orzu, 352 ta gʻoya va 352 ta imkoniyatdir. Bugun har biringiz muhandis, texnolog va turli yoʻnalishlardagi mutaxassis sifatida kombinat rivojiga hissa qoʻshyapsiz. Ishonamizki, ertaga orangizdan TMK taraqqiyotiga yoʻl koʻrsatadigan yangi avlod rahbarlari yetishib chiqadi”, - dedi boshqaruv raisi.

Uning taʼkidlashicha, yoshlarga faqat xodim sifatida emas, balki TMKning kelajagini yaratadigan asosiy kuch sifatida qarash zarur.

Bilimni natijaga aylantira oladigan mutaxassislarga

ehtiyoj ortib bormoqda

Uchrashuvda sanoatdagi texnologik oʻzgarishlar mutaxassislarga qoʻyiladigan talablarni ham yangilayotgani qayd etildi. Ilgari egallangan bilimlarni muntazam ravishda boyitib borish, xorijiy tillarni oʻrganish, raqamli texnologiyalardan foydalanish va kasbiy mahoratni oshirish zamonaviy mutaxassis uchun muhim mezonga aylanayotgani taʼkidlandi.