Kiyev hukumati oldinda turgan qishda uzoq muddatli elektr uzilishlari kuzatilishiga tayyorgarlik koʻrishni boshladi. Bugun shahar maʼmuriyati oziq-ovqat va ichimlik suv zaxiralari tayyorlab qoʻyilgani haqida hisobot berdi.
Ushbu zaxiralar hisobiga shaharda 25 ming kishiga issiq ovqat yetkazib berish mumkin. Meriyadagilarga koʻra, bu mahsulotlar birinchi navbatda kam taʼminlangan fuqarolar uchun moʻljallangan. Shuningdek, zaxiralar blekaut yuzaga kelganda «Matonat punktlari»da, favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va qutqaruv xizmatlari xodimlarini oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun ham ishlatilishi mumkin.
Rasmiylar qoʻshimcha ravishda yana 20 mingta oziq-ovqat toʻplamlari xarid qilinishi rejalashtirilganini maʼlum qilgan.
Bir necha kun oldin Kiyev meriyasidagilar aholining eng zaif qatlamlari uchun joylashtirish punktlari ham tayyorlanganini maʼlum qilishgandi. Allaqachon 1300 dan ortiq yolgʻiz keksalar, 400 ga yaqin nogiron farzandi bor oilalar va 500 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarni qishki turar joy bilan taʼminlash boʻyicha arizalar kelib tushgan.
Ukraina hukumati sovuq tushishi bilan Rossiya oʻtgan qishlarda boʻlgani kabi yirik shaharlardagi energetika infratuzilmalariga hujumlarni kuchaytirishini prognoz qilmoqda. Oʻtgan yil qishida bunday hujumlar yuz minglab kishilar kuchli sovuq sharoitida bir necha kun davomida yorugʻlik va issiqlikdan mahrum boʻlishiga olib kelgandi. Kiyev oldindagi qishda zarbalar oqibatlari ancha jiddiyroq boʻlishi mumkinligidan xavotirda, chunki Rossiya allaqachon Ukraina energiya ishlab chiqarish quvvatlarining 80 foizini yakson etgan.
Ukraina energetika vaziri Denis Shmigal avgust oyida rossiyalik harbiylar qishda nafaqat energetika obyektlariga, balki Ukraina suv taʼminot tizimlariga ham hujum qilishini taxmin qilgandi. «Oʻtgan qishda ular elektr tarmoqlari va isitish tizimlariga zarar yetkazgan, ammo elektr boʻlmasa ham, gaz va suv boʻlsa, omon qolish mumkin edi. Suv va kanalizatsiyasiz esa uch kundan ortiq bardosh berish juda qiyin», – degandi u.
Prezident Volodimir Zelenskiy yozda bir necha marta Kiyev Moskvani urushni qishgacha tugatishga majburlashga harakat qilishini, jumladan, Ukrainaning Rossiya Federatsiyasidagi fuqarolik infratuzilmasiga uzoq masofali hujumlari ham shunga qaratilganini taʼkidlagandi. 6-sentabr kuni AQSH prezidentining Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashuvdan keyin Kiyevga kelgan elchilari bilan uchrashgan Zelenskiy muzokaralardan keyin shunday dedi: «Koʻrinishidan, urush qishda ham davom etadi».

















