Bu haqda 8-sentabr kuni Buyuk Britaniya hukumati maʼlum qildi. Yangi yordam paketi Ukrainaga qish mavsumida Rossiya hujumlaridan himoyalanish imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Paket doirasida AQShda ishlab chiqarilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Britaniya hukumati yordam tarkibiga yana qanday qurol-yarogʻ yoki harbiy texnika kiritilishini hozircha ochiqlamagan.
Londonning yangi yordam paketi Ukraina mudofaasi boʻyicha Kontakt guruhining «Ramshtayn» formatidagi navbatdagi yigʻilishi arafasida eʼlon qilindi. Yigʻilishga Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Striting va Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius hamraislik qiladi. Mazkur guruh Ukrainaga harbiy texnika va qurol-yarogʻ yetkazib berayotgan 50 ga yaqin davlatni birlashtiradi.
Stritingning taʼkidlashicha, Ukraina uchun qish davrida havo hujumidan mudofaa vositalari bilan qoʻllab-quvvatlash ayniqsa muhim. U Rossiya qish mavsumida Ukrainadagi fuqarolik va energetika obyektlariga hujumlarni davom ettirishi mumkinligini aytgan.
Buyuk Britaniya joriy yil mart oyida ham Ukraina HHM uchun 100 mln funt sterlinglik yordam paketini eʼlon qilgan edi. Oʻsha paytda London ikki oy ichida Ukraina havo hujumidan mudofaasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha majburiyatlarining umumiy hajmi 600 mln funtga yetganini bildirgan.
Umuman, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Buyuk Britaniya Kiyevga 16 mlrd funt sterling, yaʼni qariyb 18,7 mlrd yevro miqdorida harbiy yordam berish majburiyatini olgan.
Bundan tashqari, iyun oyida Britaniya hukumati Ukrainaga 150 mingta dron, 350 dan ortiq havo hujumidan mudofaa raketasi va radiolokatsiya tizimlarini yetkazib berish uchun 752 mln funt sterling ajratilishini maʼlum qilgan. Ushbu yetkazib berishlar 2026-yil oxiriga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
London maʼlumotlariga koʻra, Ukrainaga shu paytgacha 250 mingdan ortiq dron, 8 mingta raketa va 350 mingta artilleriya snaryadi berilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya 60 mingdan ziyod ukrainalik harbiyni tayyorlagan.
Buyuk Britaniya 2030–2031-yillarga qadar Ukrainaga har yili 3 mlrd funt sterling atrofida harbiy yordam koʻrsatishni rejalashtirmoqda. 2026-yilning oʻzida Britaniyaning Ukrainaga harbiy koʻmagi 3,75 mlrd funt sterlingni tashkil etishi kutilmoqda.
















