Toshkent va Hind okeanidagi orol-davlat Mavrikiy oʻrtasida ilk toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnov 2026-yil 26-dekabr kuni amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi Turizm qoʻmitasining uzbektourism.uz portali maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Yangi aviayoʻnalishni tashkil etish masalasi Toshkentda Oʻzbekiston va Mavrikiy turizm biznesi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan ochiq muloqotda muhokama qilingan.
Tadbir Oʻzbekistonning Prestige Travel kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Mavrikiyning yetakchi sayyohlik kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonning mahalliy turoperatorlari qatnashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlik aloqalarini kengaytirish, qoʻshma turistik loyihalarni ishga tushirish va yangi aviayoʻnalish orqali sayyohlar oqimini koʻpaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Rejaga muvofiq, aviaqatnovlar birinchi bosqichda charter yoki sinov shaklida cheklangan miqdorda amalga oshiriladi. 26-dekabr va 2027-yil yanvar oyida Toshkent–Mavrikiy–Toshkent yoʻnalishida jami toʻrtta reys tashkil etish koʻzda tutilgan.
Keyingi bosqichda esa aviaqatnovlarni muntazamlashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, 2027-yil iyun oyidan Toshkent va Mavrikiy oʻrtasida haftasiga bir marta muntazam parvozlarni yoʻlga qoʻyish moʻljallangan.
Toshkentdan Mavrikiygacha boʻlgan yangi havo yoʻnalishining uzunligi qariyb 7 ming kilometrni tashkil etadi.
Yangi yoʻnalish Oʻzbekiston turizm sanoati uchun Afrika yoʻnalishida yangi bozorni ochishi kutilmoqda. Shu bilan birga, u Toshkentning Markaziy Osiyo va MDH davlatlaridan Mavrikiyga safar qiluvchi yoʻlovchilar uchun tranzit aviatsiya markazi sifatidagi ahamiyatini oshirishi mumkin.
Xususan, kelajakda Qozogʻiston, Rossiya va boshqa MDH mamlakatlaridan keladigan sayyohlar Toshkent orqali Mavrikiyga parvoz qilish imkoniyatiga ega boʻlishi koʻzda tutilgan.
Aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish 2026-yildan boshlab har yili iyun–avgust oylarida amalga oshiriladigan “Ochiq sayyohlik mavsumi” dasturi bilan ham bogʻliq.
Ushbu dastur yangi xalqaro turistik yoʻnalishlarni ochish va Oʻzbekistonga xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida turizm bozori ishtirokchilarini moliyaviy ragʻbatlantirish choralarini nazarda tutadi.
















