10-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash, muzey ishini rivojlantirish va Oʻzbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targʻib qilish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Yigʻilishda turli tarixiy davrlarda mamlakatdan olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni tizimli ravishda izlash, ularni huquqiy himoya qilish va Oʻzbekistonga qaytarish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston prezidenti huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish boʻyicha komissiyani shakllantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Komissiya noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik ashyolar, nodir qoʻlyozmalar va sanʼat asarlarini qaytarish masalalari bilan shugʻullanadi.

Taqdimotda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish boʻyicha ham qator takliflar koʻrib chiqildi. Xususan, madaniy merosning yagona raqamli platformasi, obyektlarning raqamli egizaklari, Heritage Open Data tizimi va situatsion markaz tashkil etish taklif qilinmoqda.

Situatsion markazda IoT-sensorlar, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari, videotahlil va sunʼiy intellekt texnologiyalari orqali madaniy meros obyektlari holatini kuzatib borish rejalashtirilgan. 2030-yilga qadar mamlakatdagi barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, tarixiy obyektlarda turistik yuklamani boshqarish uchun Visitor Management tizimini joriy etish, raqamli chiptalar qamrovini kengaytirish va sayyohlar oqimini prognoz qilish taklif etildi. Zarurat tugʻilganda ayrim madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchilar soniga limit belgilash ham nazarda tutilmoqda.

Kadrlar tayyorlash yoʻnalishida Buxoroda ixtisoslashtirilgan restavratsiya oliy maktabini ochish, Arxeologiya institutining hududiy filiallarini rivojlantirish va restavratorlarni litsenziyalash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun “Zomin togʻlari” tabiat obyekti nominatsiyasini tayyorlash masalasi koʻrib chiqildi. U Zomin davlat qoʻriqxonasi va Zomin milliy tabiat bogʻini qamrab oladi.

Yakunda 2027–2035-yillarga moʻljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasi boʻyicha takliflar taqdim etildi. Prezident ularni takomillashtirish va amaliy ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi.