Yaponiyaning Nagoya shahrida XX yozgi Osiyo oʻyinlari futbol turniri boshlandi.

Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi guruh bosqichining dastlabki oʻyinini Filippinga qarshi oʻtkazib, yirik - 5:1 hisobida gʻalaba qozondi. Gollar Muhammadali Oʻrinboyev, Saidumarxon Saidnurullayev (2), Roʻziboy Fayzullayev va Muhammadali Reimov hisobiga yozildi.

Guruhning yana bir bahsida Vyetnam va Kuvayt 1:1 hisobidagi durangni qayd etdi.

Bosh murabbiy Ravshan Haydarov shogirdlari 2-turni 18-sentabr kuni Kuvaytga qarshi oʻtkazadi.

Osiyo oʻyinlari futbol turnirida 15 ta jamoa toʻrtta guruhga ajratilgan. Guruhda 1- va 2- oʻrinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yoʻl oladi.

Reglamentga koʻra, jamoalar 23 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan iborat tarkib, shuningdek, 23 yoshdan katta 3 nafar futbolchi bilan ishtirok etishi mumkin. Oʻzbekiston terma jamoasi turnirda 21 yoshgacha boʻlgan tarkib bilan ishtirok etmoqda. Bu Los-Anjeles - 2028 olimpiadasi saralashida qatnashuvchi jamoaning yetarlicha tajriba toʻplashi uchun shunday qilindi.

Osiyo oʻyinlari futbol turniri 1990-yildan buyon oʻtkaziladi. Turnirda Eron va Janubiy Koreya 3-martadan gʻolib boʻlgan. Shuningdek, Oʻzbekiston (1994-yilda), Qatar va Yaponiya ham oltin medallarni qoʻlga kiritgan.

Osiyo oʻyinlari 2026, S guruhi, 1-tur, Nagoya, 15-sentabr

Oʻzbekiston - Filippin 5:1

Gollar: Muhammadali Oʻrinboyev (30), Saidumarxon Saidnurullayev (60, 70), Roʻziboy Fayzullayev (72), Muhammadali Reimov (80) - Joshua Merino (62).

Oʻzbekiston: Samandar Muratbayev, Saidxon Hamidov, Dilshod Murtazoyev (Nurlan Ibraimov 74), Gʻiyosjon Rizaqulov, Ravshan Xayrullayev, Sardor Bahromov, Saidumarxon Saidnurullayev (Muhammadali Reimov 74), Muhammadali Oʻrinboyev (Shodiyor Shodiboyev 58), Asilbek Jumayev (Oybek Oʻrmonjonov 79), Roʻziboy Fayzullayev, Ollabergan Karimov (Azizbek Toʻlqinbekov 58)

Chetlatish: Gavin Muyens (Filippin, 48)