Litva Markaziy Osiyo fuqarolaridan ish va mamlakatga kirish uchun hujjatlarini qabul qilishni vaqtincha toʻxtatdi. Bu haqda 22-sentabr kuni mamlakat Migratsiya departamenti direktori Indre Gaspere maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan Litvaga kelayotgan ishchilar soni sezilarli darajada oshgan. Rasmiylar ishga joylashish boʻyicha juda koʻp murojaat kelib tushgani sababli yangi arizalarni qabul qilish vaqtincha toʻxtatganini taʼkidlashyapti.
«Ish beruvchilar va ishga joylashmoqchi boʻlgan xorijliklar kutilmalarini hisobga olib, tashqi markazlar faoliyati toʻxtatildi va arizalar endi qabul qilinmaydi», deya Gasperening soʻzlarini keltirgan BNC.
Mazkur qaror mehnat migratsiyasi ustidan nazorat kuchaytirilayotgan bir paytda qabul qilindi. 2026-yil sentabr oyi boshida Litvada uchinchi davlatlardan keladigan ishchilar uchun bir yilga belgilangan 24 ming 706 kishilik kvota toʻlgan. Migratsiya departamentiga koʻra, 2026-yil 1-sentabr holatiga Litvada qariyb 227 ming nafar xorijlik amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega. Ularning 80 ming nafari Ukraina, 48 ming nafari Belarus, taxminan 13 ming nafardan Rossiya va Oʻzbekiston fuqarolaridir. Shuningdek, mamlakatda 9 mingdan ortiq Hindiston va 7 mingdan ziyod Tojikiston fuqarosi ham bor.













