Naked Science nashri AFP agentligiga tayanib xabar berishicha, El-Nino bilan bogʻliq jala yomgʻirlari odatda qaqrab yotadigan keng hududlarning qiyofasini oʻzgartirgan. Choʻl oq va binafsha gullarga burkangan.

Atakama tuprogʻida turli oʻsimliklarning urugʻlari va piyozboshlari uzoq vaqt davomida qulay sharoitni kutib yotgan. Kuchli yomgʻirlar tufayli namlik qumli tuproqqa odatdagidan chuqurroq singib, ularning unib chiqishiga sharoit yaratgan.

Gullash Chili poytaxti Santyagodan taxminan 800 kilometr shimolda joylashgan qoʻriqxona hududida kuzatilgan. Choʻlning gullarga burkanishi odamlar eʼtiborini tortmoqda.

El-Nino dunyoning ayrim hududlariga gʻayrioddiy issiq va qurgʻoqchilik, boshqalariga esa kuchli yogʻingarchilik olib keladi. Xabarda qayd etilishicha, Chilidagi jala yomgʻirlari aholi uchun ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan: 13 kishi halok boʻlgan, qariyb toʻrt ming uy vayron boʻlgan.