1970-1980-yillarda Özbekistonda qişloq xöjaligi va sanoat jadallik bilan rivojlanadi. Çöllar özlaştiriladi, yirik sanoat korxonalari quriladi.
Natijada bu Moskvada ötirgan masʼullarning ham eʼtiborini tortadi va öşa paytlarda SSSRni boşqarib turgan Leonid Brejnev Toşkentga bir neça marta taşrif buyuradi.
1982-yilda amalga oşirilgan ana şunday taşriflarning biri Brejnevning hayotida oğir iz qoldiradi va katta ehtimol bilan uning vafotiga sabab böladi.

Noxuş hodisa
1982-yil 23-mart kuni Leonid Brejnev Toşkentga keladi. Taşrif davomida u bir qator joylarda, jumladan Toşkent aviatsiya işlab çiqariş birlaşmasida bölişi, yakunda tantanali yiğinda Özbekistonga navbatdagi Lenin ordenini topşirişi rejalaştirilgandi.
Martabali mehmonni kutiş uçun Toşkent aviatsiya birlaşmasida katta tayyorgarlik köriladi. Hammayoq tozalanib, tartibga keltiriladi.
SSSR rahbari birlaşmaga kelgandan söng uni Il-76 samolyotlari yiğilayotgan katta angarga olib kirişadi. U yerda masʼullardan taşqari köplab işçilar ham bor edi. Brejnevni yaqindan köriş uçun zavod işçilari samolyotlar orasidagi maydonçalar, zinapoyalar va estakadalarga joylaşadi.
Brejnev va Şarof Raşidov hamrohligidagi delegatsiya yiğuv sexidan ötib borayotgan paytda qarsillagan ovoz eşitiladi. Odamlar oğirligini kötara olmagan katta temir konstruksiya Brejnev, Raşidov va ularning tan soqçilari ustiga qulab tuşadi.
Şunda konstruksiyadagi temir Brejnevning yelkasiga uriladi va sovet rahbari yiqilib tuşadi. Noxuş hodisa bir lahzada sodir bölgani uçun qöriqçilar ğaflatda qoladi va oqibatda Brejnev jarohatlanadi. Öşanda baxtli tasodif tufayli Raşidovga heç narsa qilmaydi.

Öşa kuni şaxsiy tansoqçi sifatida Brejnevning yonida bölgan Vladimir Medvedev keyinçalik «Orqadagi odam» kitobida hodisani şunday eslaydi:
«Birdan dahşatli qiçqiriq va vahima kötarildi. Biz Boş kotib atrofida edik. Metall va yoğoçlar töğri ustimizga quladi. Men Brejnevni öz tanam bilan yopişga harakat qildim, lekin oğir konstruksiya uning öng tomonini bosib qoldi. Zavod sexida çang va vahima hukmron edi. Biz Brejnevni zudlik bilan oğir temir va yoğoç bölaklari ostidan tortib oldik. U huşida edi, lekin qattiq esankiragan va oğriqdan azoblanayotgandi».
Hodisadan söng Brejnevning qöriqçilari uni darhol Dörmondagi hukumat qarorgohiga olib ketişadi. Brejnevning şaxsiy şifokori, doim unga hamrohlik qilgan şifokor Mixail Kosarev keyinçalik turli naşrlarga bergan intervyularida Toşkentdagi hodisani şunday eslaydi:
«Brejnev Dörmondagi qarorgohga olib kelinganda qattiq şok holatida edi. Unga darhol kuçli oğriq qoldiruvçi va tinçlantiruvçi ukollar qilindi. Tekşiruvda öng ömrov suyagi singani va suyaklar joyidan siljib ketgani maʼlum böldi.
Eng yomoni, uning umumiy soğliği öta zaif - yurak ahvoli va yoşi sababli operatsiya qiliş imkonsiz edi. Biz faqat oğriqni qoldiriş va singan joyni qimirlatmay uşlab turiş bilan çeklanişga majbur edik. Lekin u oğriqdan juda aziyat çekardi».
Öşanda Brejnevni Moskvadagi Kreml kasalxonasiga olib ketmoqçi bölişganda sovet rahbari rozi bölmaydi. U jarohatlanganiga qaramasdan Toşkentda yana ikki kun böladi va rejalaştirilgan tadbirlarning qolgan qismida ham qatnaşadi. 24-mart kuni Özbekistonga Lenin ordenini topşiradi.

25-mart kuni ötkazilgan tadbir oxiriga borib borib Brejnevning ahvoli yomonlaşadi va u huşini yöqotadi. Sovet rahbarini zudlik bilan Moskvaga olib ketişadi.
Brejnev Moskvaga qaytgan zahoti uni aeroportning özidanoq Kreml kasalxonasiga olib borişadi va tibbiy tekşiruvlardan ötkazişadi. Söng muolaja boşlanadi.
Kreml boş şifokori bölib işlagan Yevgeniy Çazov keyinçalik «Salomatlik va hokimiyat» kitobida Brejnevning jarohati haqida şunday yozgandi:
«Brejnevning öng ömrov suyagi singan va suyak parçalari surilib ketgan edi. Keksa yoşdagi va umumiy ahvoli oğir bölgan bunday bemor uçun bu xavfli jarohat hisoblanardi. Operatsiya qiliş juda xavfli, çunki u narkozni kötara olmasligi mumkin edi».
Sovet rahbarining Toşkentda jarohatlangani va bir ölimdan qolgani SSSRda ommadan yaşiriladi. Heç qayerda bu haqda xabar berilmaydi. Biroq Ğarb matbuoti Toşkent safarida sovet rahbarining soğligi jiddiy yomonlaşgani va u Moskvada kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqatadi.
Brejnev Moskvaga qaytgaç qariyb bir oy omma közidan ğoyib böladi. Şu davrda u davolanadi va biroz soğaygaç iş faoliyatini davom ettiradi. U Toşkentdagi hodisadan söng ilk marta 22-aprel kuni Lenin tavalludining 112-yilligi tantanalarida köriniş beradi.
Zamondoşlarining keyinçalik eslaşiça öşanda u ança ozib ketgan holda bölgan. Şu çiqişidan keyin turli miş-mişlarga işonib yurgan odamlar «Brejnev tirik ekan va u hali ham SSSRni boşqaryapti» degan xulosaga kelişadi.
1982-yil may oyidan boşlab Brejnev işlay boşlaydi. Biroq uning soğliği va jismoniy holati yaxşi emasdi. Şu sababli bir neça marta xorijdan kelgan turli delegatsiyalar bilan uçraşuvlarda qatnaşa olmaydi. Çet davlatlarga rejalaştirilgan davlat taşriflari bekor qilinadi.
Kuzga borib Brejnevning soğligi biroz tiklanadi va u rasmiy tadbirlarda qatnaşa boşlaydi. Brejnev sönggi marta ommaga 1982-yil 7-noyabr kuni oktabr inqilobining 75 yilligi munosabati bilan ötkazilgan bayram tadbirlarida köriniş beradi. Bir neça kundan söng u vafot etadi.

Brejnevning ölimida Andropovning qöli bormi?
Toşkent taşrifidan söng Brejnevning soğligi yomonlaşar ekan, Kremlda uning örniga kim ötirişi masalasi dolzarb masalaga aylanadi. Ana şu jarayonda KGB sobiq raisi Yuriy Andropov otni qamçilab qoladi.
1982-yil 26-may kuni tösatdan Andropov KGB raisi lavozimidan isteʼfoga çiqadi va KPSS markaziy qömitasi kotibi lavozimini egallaydi. Bu amal aslida KGB rahbari lavozimi oldida juda kiçik bölsa-da mamlakat rahbarligini qölga oliş uçun qöyilgan muhim qadam edi.
1982-yil 10-noyabr kuni Brejnev vafot etadi. Bu haqda ommaga 11-noyabr kuni xabar beriladi va 15-noyabr kuni u dafn etiladi. Andropov esa Brejnevning dafn marosimi ötib bölişini ham kutib turmaydi va 12-noyabr kuni KPSS markaziy qömitasining birinçi sekretari lavozimini egallab, SSSR rahbari böladi.
SSSR davrida şov-şuvli hodisalar ommadan yaşirilgan, ularga daxldor hujjatlar maxfiy saqlangan. 1990-1991 yillarda SSSR tarqaşi arafasida va undan söng bir muddat arxivlar oçiladi hamda köplab işlar oşkor böladi. Ana şunda Brejnev öz ajali bilan ölmagani va Andropov unga suiqasd qilgani haqida gap-sözlar örtaga çiqadi.
Yoşi 75 da bölgan Brejnev keksalik tufayli tez-tez betob bölardi. Ammo har doim uning soğligi mamlakatdagi eng yaxşi vraçlardan iborat guruh nazoratida bölgan. Brejnev Moskva viloyatidagi Zareçe qarorgohida şubhali tarzda vafot etganda u yerda vraçlar yöq edi.
Qarorgoh qöriqçilari sovet rahbarining ahvoli oğirlaşgani haqida (bu paytda u ölib bölgandi) xabar berişgandan söng ham vraçlar ança keçikib yetib kelişadi.

Aksariyat tarixçilar hamda Kremlda bölib ötgan voqea va hodisalarning tirik guvohlari 10-noyabr kuni Brejnev öz ajali bilan ölmaganini, unga Andropovning xos odamlari suiqasd uyuştirganini aytişadi.
Bunday gap-sözlar bekorga tarqalmagan. Gap şundaki, 1982-yil oktabr oyi örtalarida Brejnev KPSS markaziy qömitasi kotibi Ivan Kapitonovga noyabr örtalarida isteʼfoga çiqişini va örniga öşa paytda Ukrainaga rahbarlik qilayotgan Vladimir Şerbitskiyni tayinlaşini aytadi. Öz navbatida Kapitonov gapni Andropovga yetkazadi. Şundan söng Andropov nima qilib bölsa-da Brejnevdan tezroq qutuliş payida böladi.
Boşqa manbalar esa Andropov Brejnevning oldida navbatçilik qilib ketgan şifokorlarni qölga olib, ularni sovet rahbaridan biroz uzoqlaştirganini, oqibatda Brejnev vaqtida tibbiy yordam körsatilmagani tufayli vafot etganini aytadi.
Şuningdek, Brejnevning ölimiga Toşkentda olgan jarohati sabab bölgan deguvçilar ham bor. Biroq köpçilik sovet rahbarining ölimiga Toşkentdagi jarohat sabab bölganiga işonmaydi. Çunki kuzgaça Brejnev soğligini biroz tiklab olgan va ança bardamlaşgandi.
Brejnevning vafoti böyiça berilgan rasmiy tibbiy xulosada uning ölimiga yurak-qon tomir tizimining oğir surunkali kasalliklari fonida tösatdan yurak urişining töxtaşi sabab qilib körsatilgan.
Umuman olganda Brejnev öz ajali bilan vafot etgani haqiqatga yaqin. Çunki u hayoti davomida bir neça marta yurak xurujiga uçragan, 1976-yilda oğir insultni boşdan keçirgandi. Öşanda şifokorlar uni klinik ölim holatidan qaytarişgan.
Şundan söng Brejnev umrining oxirigaça tinçlantiruvçi va uyqu dorilarini meyoridan ortiq darajada isteʼmol qilib yurgan. Bu esa uning markaziy asab sistemasi va yurak faoliyatini yanada kuçsizlantirgan.

Brejnevning tansoqçisi Vladimir Medvedev «Sovet rahbarining ölimida Andropovning qöli bormi?» degan savolga şunday deb javob bergan:
«Andropov Brejnevga jismoniy zarar yetkazganiga işonmayman. Lekin u Brejnevni maʼnaviy jihatdan «öldirdi». Andropov uning eng yaqin dösti Içki işlar vaziri Şçolokov va qizi Galina atrofidagi mojarolarni ataylab Brejnevga yetkazardi. Har bir şunday suhbatdan söng Brejnevning ahvoli keskin yomonlaşar, u tuşkunlikka tuşib qolardi. Andropov uning ruhan va jismonan sönayotganini juda yaxşi bilardi».
Xulosa örnida şuni aytiş mumkinki, Brejnevning soğliğida yetarliça muammolar bölgan. Toşkentdagi jarohatlar va Andropovning hokimiyatni qölga olişga intilişi ana şu muammolarni köpaytirgan va sovet rahbarining vafot etişiga qisman sabab bölgan.










