Kompaniya maʼlumotiga köra, hodisa sunʼiy yöldoş Ğarbiy Avstraliyadagi kuzatuv maydonçalaridan biri ustidan ötayotganida qayd etilgan. Apparatning parçalanişiga nima sabab bölgani xabarda oçiqlanmagan.

LeoLabs buni sönggi oylarda kuzatilayotgan öxşaş hodisalarning navbatdagisi deb baholagan. Kompaniya bunday voqealar kosmik apparatlarning xavfsizligiga tahdid kuçayayotganini körsatişi va uzluksiz monitoring zarurligini taʼkidlagan.

«Meteor-2-7»dan oldin ham bir neçta apparatning parçalanişi qayd etilgan. Jumladan, 2026-yil sentabrda sovuq uruş davriga mansub AQŞning USA 32 razvedka sunʼiy yöldoşi parçalangani tasdiqlangan.

Avgust oxirida esa Yer atrofidagi past orbitada Xitoy raketasining bosqiçi parçalangan. Bundan tört oydan köproq vaqt avval SpaceX’ning Starlink tizimiga tegişli sunʼiy yöldoş bilan ham şunday hodisa yuz bergan. Yanvarda Rossiyaning inspektor sunʼiy yöldoşi ança balandda - geostatsionar orbitada parçalangan.

Mutaxassislar orbitada apparatlar sonining ortişi töqnaşuvlar xavfini kuçaytirişidan köp yillardan buyon ogohlantirib keladi. Bitta yöldoşning parçalanişi yangi bölaklarni hosil qiladi. Ular boşqa apparatlarga urilib, yana köproq çiqindi paydo bölişiga sabab bölişi mumkin.

Materialda keltirilgan Yevropa kosmik agentligi maʼlumotlariga köra, 2005-yilda Yer orbitasida kuzatib borilayotgan kosmik çiqindi bölaklari soni qariyb 16 mingta bölgan. 2026-yilga kelib bu körsatkiç 44 mingtadan oşgan - ösiş taxminan 180 foizni taşkil etgan.

Kosmik çiqindilar katta tezlikda harakatlanadi. Şu sababli hatto kiçik bölak bilan töqnaşuv ham sunʼiy yöldoşga jiddiy zarar yetkazişi mumkin.

Apparatlar faqat çiqindilardan emas, boşqa sunʼiy yöldoşlardan ham çetlanişga majbur bölmoqda. Ayniqsa, Yer atrofidagi past orbitada harakat tobora tiğizlaşmoqda.

Materialda SpaceX’ning AQŞ Federal aloqa komissiyasiga taqdim etgan maʼlumotlari ham keltirilgan. Unga köra, 2025-yil 1-iyundan 2026-yil 31-maygaça bölgan davrda har bir Starlink sunʼiy yöldoşi töqnaşuvdan qoçiş uçun yiliga 40 tadan ortiq manyovr bajargan.