Bu mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Hikmatilla Kazakbayev va Kamoliddin Rabbimov fikrlari.
Hikmatilla Kazakbayev: Husiychilarning hozirgi harakatlarida Eronning taʼsirini avvalgiga qaraganda pastroq baholayman. Nazarimda, husiychilar mustaqil qarorlar qabul qilib, oʻz manfaatlaridan kelib chiqib harakat qila boshlagan. Toʻgʻri, ularning qurol-yarogʻ salohiyati koʻp jihatdan Eronga bogʻliq. Ular oʻzlari ishlab chiqarganini daʼvo qilayotgan dronlar va raketalarning bir qismi ham Eron tomonidan yetkazib berilgan yoki uning koʻmagida ishlab chiqarilgan. Shunga qaramay, husiychilarning soʻnggi harakatlarida Eron omilini avvalgidek hal qiluvchi deb hisoblamayman. Bu taʼsir butunlay yoʻq degani emas, ammo uning darajasi pasaygan boʻlishi mumkin.
Husiychilarning hozirgi xatti-harakatlari menga 2023-yil 7-oktabrda Hamas tomonidan amalga oshirilgan hujumni eslatmoqda. Oʻsha paytda ham Hamas oʻz kuchini toʻgʻri baholamagani, ayrim tashqi kuchlarning koʻmagiga ortiqcha umid bogʻlagani haqida fikrlar bildirilgan edi. Natijada Isroil bu hujumdan Gʻazoga qarshi keng koʻlamli harbiy amaliyotlarini oqlash uchun foydalandi va hududning katta qismini vayron qildi.
Husiychilar Saudiya Arabistoniga qarshi harakat qilishda kimga yoki qanday kuchga tayanayotgani ham muhim masala. Ayniqsa, bu voqealar Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston oʻrtasida kelishuvlar muhokama qilinayotgan bir paytda yuz berayotgani eʼtiborga molik. Agar Makka alyansi husiychilarga qarshi umumiy pozitsiya shakllantirishni ham nazarda tutayotgan boʻlsa, husiychilarning bunday hujumlari ular uchun yanada katta tavakkalga aylanishi mumkin. Chunki Saudiya Arabistoni ochiq urushga kirishishda ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Mamlakatning iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalari, energetika infratuzilmasi hamda katta hududlarini himoya qilish zarurati bunday toʻqnashuvning narxini oshiradi.
Zamonaviy havo mudofaa tizimlariga ega davlatlar ham energetika obyektlarini barcha hujumlardan toʻliq himoya qila olmayotgan bir sharoitda, Saudiya Arabistoni uchun ham bunday xavflarni butunlay bartaraf etish oson emas. Shu sababli Ar-Riyod husiylar bilan keng koʻlamli urushga kirishishdan avval uning oqibatlarini hisobga olishi tabiiy.
Hozirgi vaziyatda husiychilar juda katta tavakkalga qoʻl uryapti. Ayniqsa, Ar-Riyoddagi ayeroportga qilingan hujum haqidagi xabarlar jiddiy savollarni yuzaga keltiradi. Chunki gap harbiy nishonlar emas, fuqarolik infratuzilmasi haqida ketmoqda. Bu esa husiychilarning boshqa musulmon davlatlari jamoatchiligi oldidagi obroʻsiga ham putur yetkazishi mumkin. Ularning harakatlari Eron bilan bogʻlanishi esa Tehronga xayrixoh boʻlgan ayrim davlatlar va jamoatchilik vakillarining ham munosabatini oʻzgartirishi ehtimoldan xoli emas.













