17-oktabr kungi ommaviy namoyishlar tartibsizliklar, oʻt qoʻyish va doʻkonlarni talon-toroj qilish bilan yakunlanganidan soʻng vaziyat nazoratdan chiqib ketganini tan olgan mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunes isteʼfoga chiqishga urindi. Biroq prezident uning isteʼfosini qabul qilmadi. Aksincha, vazirga Fransiya shaharlari koʻchalarida xavfsizlikni kuchaytirish va tartibsizliklar aybdorlarini javobgarlikka tortish choralarini ishlab chiqishni topshirdi.

Fransiya bosh vaziri Sebasten Lekornyu dushanba kuni mamlakatning ayrim hududlarida merlarga zarurat tugʻilganda qisman komendantlik soati joriy etish vakolatini berganini maʼlum qildi.

Kechga borib, bir nechta shaharda hokimiyat vakillari ushbu vakolatdan foydalangani maʼlum boʻldi. Parijda Respublika maydoni va Les Halles savdo markazi hamda yirik transport tuguniga tutash koʻchalarda mahalliy vaqt bilan soat 23:00 dan 06:00 gacha barcha yoshdagilar uchun komendantlik soati eʼlon qilindi. 

Lion markazida soat 22:00 dan 06:00 gacha namoyishlar va ommaviy yurishlar taqiqlandi. Lill va Nitssa shaharlari markazlarida esa voyaga yetmaganlarning koʻchaga chiqishi taqiqlandi.

Lekornyuning soʻzlariga koʻra, hududiy hokimiyat vakillari tartibsizliklar vaqtida politsiya oʻz ishini qanday tashkil etgani haqida savollar qoʻymoqda. Ular vaziyat nima sababdan nazoratdan chiqib ketganini bilmoqchi.

Bosh vazirning qoʻshimcha qilishicha, oʻtgan dam olish kunlaridagi tartibsizliklar vaqtida qoʻlga olinganlarning 80 foiziga nisbatan jinoiy ayblovlar qoʻyiladi. U koʻchalardagi tartibsizliklarda «oʻta soʻl radikallar»ni aybladi.

Uning aytishicha, hukumat zarar koʻrgan hududlarni tiklash uchun mablagʻ ajratadi va bu xarajatlar tartibsizliklarni keltirib chiqarganlar zimmasiga yuklatiladi.

«Mulkka zarar yetkazgan shaxslar moliyaviy javobgarlikka tortilishini taʼminlaydigan qonun qabul qilinadi», - dedi Lekornyu.

Bundan tashqari, bosh vazir tartibsizliklar va talon-torojliklar tufayli oʻz vazifalarini bajara olmayotgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash uchun jamgʻarma tashkil etilishini eʼlon qildi.

Yakshanba kuni prezident Emmanyuel Makron xalqqa telemurojaat bilan chiqib, milliy birlikka chaqirdi va Fransiya jamoatchiligini zoʻravonlik harakatlarini sodir etganlar jazolanishiga ishontirishga urindi.