Oʻzbekistonda oʻz-oʻziga kredit berishni taqiqlaganlar soni 2,8 mln nafardan oshdi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yil 1-oktabr holatiga koʻra, 2 mln 841 ming kishi kredit byurosining “Kreditga taqiq” xizmatiga ulangan. Taqqoslash uchun, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 19 baravarga, yil boshiga nisbatan esa 6,5 barobarga oshgan.
Jami foydalanuvchilarning 1 mln 656 ming 387 nafari erkaklar (58 foiz), 1 mln 185 ming 88 nafari ayollar (42 foiz) hissasiga toʻgʻri keladi. Yosh toifalari boʻyicha 26−35 yoshdagilar eng katta ulushni - 842 ming 206 kishini (30 foiz) tashkil etadi. 26 yoshgacha boʻlganlar 703 ming 904 nafar (25 foiz), 36−45 yoshdagilar 676 ming 524 nafar (24 foiz), 46−55 yoshdagilar 354 ming 692 nafar (12 foiz) va 56 yoshdan kattalar 264 ming 149 nafar (9 foiz) ni tashkil qiladi.












