2026-yil 23-oktabr kuni Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universitetida tanlov ğoliblarini taqdirlaş marosimi bölib ötdi. Tanlov Taʼlimni rivojlantiriş respublika ilmiy-metodik markazi, Taʼlim va ilm-fan vazirligi hamda universitet hamkorligida taşkil etildi.

Taʼlimni rivojlantiriş respublika ilmiy-metodik markazi direktori Şaxzodbek Kurbaniyazov bolalarni kitob öqişga qiziqtiriş uçun ularning yoşi va qiziqişlariga mos asarlar yaratiş muhimligini taʼkidladi.

«Biz bolalardan kitob öqişni talab qilamiz. Ammo ularning yoşiga, qiziqişiga va bugungi hayotiga mos asarlarni yetarliça taklif qila olyapmizmi? Bugungi bolalarning qiziqişlari özgarmoqda. Ularni kitobga jalb qiliş uçun yangi mavzular, qiziqarli voqealar va öziga yaqin qahramonlar kerak», - dedi u.

Universitet rektori, akademik Şuhrat Sirojiddinov bolalikda öqilgan asarlar inson xotirasida bir umr saqlanib qolişini qayd etdi. Uning aytişiça, tanlov natijalari asosida har bir yoş toifasi uçun alohida töplam şakllantirilib, jami uçta töplam naşr etilgan.

«Bolalarga taqdim etiladigan asarlar ularning yoşi, qiziqişlari, ruhiy olami va dunyoqaraşiga mos bölişi, badiiy jihatdan puxta yaratilişi kerak», - dedi Şuhrat Sirojiddinov.

Taʼlim va ilm-fan vazirining maʼnaviyat va davlat tili masalalari böyiça maslahatçisi Isajon Sultonovning fikriça, yaxşi asar bolaga tayyor xulosani aytib beriş bilan çeklanmasligi kerak. U savol tuğdirişi, qahramonlarning xatti-harakatlari haqida öylaşga undaşi va bolaga voqealarni öz tajribasi bilan boğlaş imkonini berişi lozim.

«Olti yoşli bola bilan ön olti yoşli ösmirning hayotiy tajribasi, diqqati, söz boyligi va adabiyotdan kutadigani bir-biridan farq qiladi», - dedi u.

Ekspertlar 198 ta ijodiy işdan 23 tasini saralab, ular asosida bolalar va ösmirlar uçun uçta adabiy töplam naşr etdi. Tanlov ğoliblari yoş toifalari va yönalişlar böyiça quyidagiça taqsimlandi: