2025-yil aprel oyida Toşkent şahrida Zeekr 001 avtomobili zaryadlaş paytida yonib ketgandi. Kun.uz sud hujjatlari asosida voqea tafsilotlarini örgandi.

Voqea xronologiyasi

Iş FIB Yakkasaroy tuman sudida körib çiqilib, 2026-yil 8-mayda hal qiluv qarori eʼlon qilingan. Qarorga köra, 10-aprel kuni tunda Hotambek Mirzayev öziga tegişli Zeekr 001 avtomobilini quvvatlaş uçun “Xalqlar döstligi” sanʼat saroyi yonidagi avtoturargohda joylaşgan Tok Bor brendiga tegişli stansiyaga kelgan. Soat 1:46 da zaryadlaş uçun start tugmasi bosilgan. Bu paytda elektromobilning quvvati 7 foiz bölgan. Mirzayev maşinasini qoldirib, uyiga ketgan.

Soat 3:51 da stansiya elektromobilga quvvat berişni töxtatgan va sessiya yakunlangan. Öşa paytda maşinadan tutun çiqişi yoki nosozlik alomatlari kuzatilmagan. Oradan 3 soatga yaqin vaqt ötgaç, soat 7:30 lar atrofida elektromobilning old qismidan tutun çiqişi kuzatilgan hamda maşina yona boşlagan. Baxtsiz hodisani körgan atrofdagi odamlar FVBga xabar bergan.

Bu keysning muhim jihatlaridan biri – maşinani taʼmirlaş bilan boğliq. 2025-yil 25-yanvar kuni Zeekr’ning egasi maşinani “E-GO MOTORS” MÇJga tegişli avtoservisga olib borgan. Bunga maşinaning quvvati 50 foizdan pasayganda birdaniga 0 foizga tuşib ketayotgani sabab bölgan.

Ekspertiza xulosasi

Sud hujjatida keltirilişiça, yonğin sababini aniqlaş uçun bir neça bor tekşiruv va ekspertizalar ötkazilgan. Dastlabki tekşiruvlarda yonğin elektromobilning litiy-ion akkumulyator batareyasida yuzaga kelgan “issiqlik tezlanişi” oqibatida sodir bölgani qayd etilgan.

Keyinçalik sud noaniqliklarni töliq bartaraf etiş va umumiy xulosaga keliş uçun yakuniy ekspertiza tayinlangan. Bunda mutaxassislar quyidagi xulosaga kelgan: “Transport vositasida sodir bölgan yonğinga avtomobilni işlab çiqargan korxonaning aloqasi bölmagan. Yonğin akkumulyator batareyasida taʼmirlaşdan keyin yaçeykalarning içki qarşilik va siğim böyiça nomutanosibligi saqlanib qolgani sababli yuzaga kelgan qiziş hamda içki qisqa tutaşuv natijasida rivojlangan termik tarqaliş jarayoni oqibatida kelib çiqqan”.

Sodda qilib aytganda, batareya içidagi yaçeykalar bir maromda işlamagan. Oqibatda uning ayrim qismlari haddan taşqari qizib, içki qisqa tutaşuv yuz bergan va batareya içkaridan yona boşlagan.