«Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasi Saksoniya-Anhaltdagi parlament saylovlarida oʻzi uchun rekord natija bilan gʻalaba qozondi – 43,8 foiz ovoz. Partiyaning ushbu hududdagi besh yil oldingi natijasi ikki baravar pastroq boʻlgandi (20,8 foiz). Bu natija orqali partiya mahalliy parlament (landtag)dagi 83 oʻrindan 39 tasini oʻziniki qildi. Ushbu regionni soʻnggi 24 yil davomida boshqarib kelgan, kansler Fridrix Mers raisligidagi Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) esa 17,2 foiz ovoz oldi va parlamentda atigi 15 mandatga ega boʻldi (2021-yilgi saylovlarda ushbu partiya 37,1 foiz ovoz qoʻlga kiritgandi). Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) 9,3 foiz, «Yashillar» – 8,9 foiz, Soʻl partiya – 8,6 foiz, «Sara Vagenknext ittifoqi» (BSW) – 5,3 foiz ovoz bilan parlamentga oʻtgan. Saylovlarda rekord darajadagi davomat kuzatilgan – uchastkalarga saylovchilarning 77,8 foizi kelgan.

Saksoniya-Anhalt qanday joy?

Saksoniya-Anhalt – Germaniya sharqidagi Yerlardan biri boʻlib, ilgari GDR tarkibiga kirgan. Bu mamlakatning eng qashshoq regionlaridan biri sanaladi – 2025-yilda bu hudud aholisining yarmining oʻrtacha yalpi ish haqi oyiga 3563 yevrodan oshmas edi, bu vaqtda Germaniya boʻyicha oʻrtacha ish haqi 4217 yevro boʻlgan.

«Germaniya uchun muqobil» azaldan mamlakat gʻarbidan koʻra sharqida kuchliroq qoʻllab-quvvatlanadi (soʻnggi yillarda gʻarbiy hududlarda ham ushbu partiya taʼsiri oʻsib bormoqda). 2025-yilgi federal saylovlarda partiya sobiq GDRning beshta regionida ham birinchi oʻrinni olgandi (yarmi GDRda boʻlgan Berlin bundan mustasno). 2024-yilda esa «Muqobillar» Tyuringiyada tarixda ilk bor hududiy saylovlarda gʻolib chiqishgandi – ammo hech bir partiya ular bilan koalitsiyaga kirishishni istamagani uchun muxolifatda qolgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers saylov natijalaridan «qattiq larzaga kelgani»ni aytdi. U bu natijani «XDIning soʻnggi oʻn yillikdagi eng ogʻir magʻlubiyati» deb atadi, ammo xristian demokratlar «Muqobillar»ni ozchilikda qoldirish uchun boshqa barcha partiyalar bilan koalitsiya tuzish imkoniyati uchun kurashmasligini bildirdi. XDIning Saksoniya-Anhaltdagi yetakchisi Sven Shulse esa shunday degan: «Saylovda gʻalaba qozongani tufayli hukumatni boshqarish majburiyati endi „Germaniya uchun muqobil“ga yuklatilgan, biz muxolifatga oʻtyapmiz».

Ultraoʻnglar Germaniyaning urushdan keyingi tarixida birinchi marta hukumatni shakllantirish imkoniyatiga ega boʻladi. Mutlaq koʻpchilikni tashkil etish uchun «Germaniya uchun muqobil»ga uchta mandat yetmadi – unda atigi 39 ta oʻrin bor. Shu tufayli partiya koalitsion hukumat tuzishiga toʻgʻri keladi. XDI, GSDP, «Yashillar» va «Soʻllar»da ham jami 39 ta oʻrin bor. Bu kuchlarning barchasi «brandmauer» siyosatiga amal qiladi – Germaniyada ultraoʻng partiyalar bilan har qanday hamkorlikdan bosh tortish shunday ataladi. Shu bilan birga, beshta mandatga ega boʻlgan «Sara Vagenknext ittifoqi» «Muqobillar» bilan hamkorlikni istisno etmayapti. Shu tariqa, AfD BSW bilan koalitsiya tuzishi yoki oʻzining ozchilikdagi hukumatini tuzishi mumkin boʻladi.