Yevropa va Amerika rasmiylari Qoʻshma Shtatlarning soʻnggi tinchlik tashabbusi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarda hech qanday natija bermaganini tan olib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kelgusi yilda ham davom etadi degan xulosaga keldi. Vaziyatdan xabardor yevropalik amaldorlarning Bloomberg nashriga maʼlum qilishicha, Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi kurash va Kiyev ittifoqchilarining qatʼiyatini sinab koʻrish uchun qish davomida hujumlarni «kuchaytirishni rejalashtirmoqda».
«Prezident Donald Trampning elchilari Jared Kushner va Stiv Uitkoff Moskva va Kiyevda boʻlib oʻtgan muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erisha olmadilar», - deb maʼlum qildi rasmiylar.
Shu bilan birga, Kremlning tashqi siyosat boʻyicha yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin va Tramp 8-sentabr kuni bir soatlik telefon suhbati chogʻida elchilar tashrifi natijalari boʻyicha «konstruktiv va yetarlicha ochiq» muhokama oʻtkazgan. Uning soʻzlariga koʻra, ular aloqada qolishga kelishib olishgan.
Rasmiylarning taʼkidlashicha, AQSH yaqinda Moskvaga boshi berk koʻchaga kirib qolgan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun yangi gʻoyalar zarurligi haqida xabar berganiga qaramay, Putin oʻz pozitsiyasini «yumshatish alomatlarini koʻrsatmagan».
Oʻz navbatida, suhbatdoshlardan biri Rossiyaning kelgusi olti oylik rejasi tinch aholi hayotini chidab boʻlmas holatga keltirish uchun Ukrainaning energetika va issiqlik infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirish, shuningdek, Kiyevni qoʻllab-quvvatlashga putur yetkazish uchun Yevropada gibrid hujumlar va siyosiy aralashuvlarni kuchaytirishdan iborat ekanligini aytdi.
«Biz uzoq davom etadigan mojaroga va Ukrainaning ehtiyojlari kelgusi oylar va yillarda ham saqlanib qolishiga tayyor boʻlishimiz, shuningdek, boshqa ehtimoliy kutilmagan vaziyatlarga ham tayyor boʻlishimiz kerak», - dedi 8-sentabr kuni Ukraina mudofaa masalalari boʻyicha aloqa guruhi yigʻilishida AQSH mudofaa vazirining siyosat boʻyicha oʻrinbosari Elbrij Kolbi.
Suhbatdoshlardan birining aytishicha, Putin Amerika elchilarining tashrifidan 18-20 sentabr kunlari boʻlib oʻtadigan Rossiya Davlat Dumasiga parlament saylovi oldidan mamlakat ichkarisida kuch namoyish etish uchun foydalangan.
«U Amerika delegatsiyasini Kremlda uchrashishdan oldin kechgacha kutishga majbur qildi, shu sababli Uitkoff va Kushner Putinning elchisi Kirill Dmitriyev bilan Moskva markazidagi qimmatbaho restoranda bir necha soatlik tushlik qilishga majbur boʻlishdi», - deb qoʻshimcha qildi suhbatdosh.

















