Millatlar ligasida yana 4 guruhda 4-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

A ligasi, 1-guruh

Oliseda gollardan, Dueda assistlardan dubl

Fransiya – Belgiya 4:1
Gollar: Lukebakio, 35 (0:1). Due, 77 (1:1). Sherki, 81 (2:1). Olise, 88 (3:1). Olise, 90+1 (4:1)
Fransiya: Reste, Yoro, Lakrua, Diuf, Kunde, Kamavinga (Rabio, 87), Kone (Sherki, 60), Akliush (Olise, 60), Barkolya (Due, 72), Dembele (Da Kunya, 60), Lepol
Belgiya: Vandervordt, Mehele, Ngoy, Seys, Kastan, Lavia (Keyta, 87), Vanaken (Trossar, 87), Raskin, Moreyra (Openda, 87), Lukebakio (De Ketelare, 70), Lukaku (Godts, 70)
Ogohlantirishlar: Lakrua, 69 – Lavia, 57. Seys, 75

Millatlar ligasi terma jamoalar bosh murabbiylari uchun tajriba maydonchasi vazifasini oʻtashda davom etmoqda. Guruh peshqadamligi uchun kechgan bahsda ikki murabbiy ham hech kim tanimaydigan darvozabonlarni maydonga tushirdi: fransuzlar darvozasini «Tuluza»dagi Rest, belgiyaliklarnikini «RB Leypsig» aʼzosi boʻlgan Vandevordt qoʻriqladi.

Zidan shogirdlari darhol tashabbusni qoʻlga oldi va toʻp yoʻqotilishi bilan kuchli pressing uyushtirdi. Mark van Bommel jamoasi esa quyi blokda himoyalandi. Mehmonlar faqat birinchi boʻlim oʻrtalarida raqib jarima maydoni ichkarisida toʻp bilan muomila qildi va darhol xavfli vaziyat yuzaga keldi. Ammo Raskinning boshda yoʻllagan zarbasi biroz xato ketdi.

Fransuzlar esa butun boʻlim davomida vaziyatlardan foydalanishda oqsadi. Barkolya darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan ham foydalana olmadi. Tanaffus arafasida esa mehmonlar hisobda oldinga chiqib olishdi. Fransuzlarning pressingi muvaffaqiyatsiz chiqdi va Lavia maydonning ikkinchi qismidan turib toʻpni raqib himoyasi ortida yuzaga kelgan boʻsh hududga yetkazdi, Lukebakio ofsayd chizigʻida harakatlanib, toʻpga yetib bordi va darvozabonga imkon qoldirmadi.

Ikkinchi boʻlimda ham kartina oʻzgarmadi, mezbonlar kuchli bosim oʻtkazishdi, ammo himoyachilar va darvozabondan oʻta olishmadi. Natijada Zidan zaxira kuchlarini ishga solishga toʻgʻri keldi va birdaniga Olise, Sherki va da Kunya, keyinroq Due ham maydonda paydo boʻldi. Avvaliga Vandevordt seyv ijro etishda davom etdi, ammo Fransiya toʻrt daqiqa ichida oʻyinni butunlay oʻzgartirdi.

Due jarima maydoni tashqarisida toʻpni Da Kunyadan qabul qilib olgach, olis burchakka yerlatib zarba berdi va hisobni tenglashtirdi.