Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, davlat rahbari Yangi Toshkentda ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining koʻchishi muhim oʻrin tutishini taʼkidlagan.
Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yangi shaharda yengil konstruksiyali binolarda ishlamoqda. Vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun yana toʻqqizta bino qurilyapti.
Qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining koʻchishini boshlash vazifasi bosh vazirga yuklatilgan.
Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratadi.
Prezident aholiga uylar bilan bir vaqtda dam olish, sport, savdo, taʼlim va tibbiyot xizmatlari ham zarur boʻlishini qayd etgan.
Shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming oʻrinli stadion qurilmoqda. U kelasi yil 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri boʻlishi koʻzda tutilgan.
Tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxona, kafe, restoran va koʻngilochar maskanlarga ehtiyojni aniq hisoblab, tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qoʻyilgan.
Muloqotda investorlar takliflarini koʻrib chiqish tartibi ham muhokama qilingan. Prezident Yangi Toshkentning master rejasi sarmoyadorlar tashabbusiga toʻsiq boʻlmasligi kerakligini taʼkidlagan.
Agar oʻziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini oʻzgartirish taklifi qoʻllab-quvvatlanishi lozimligi aytilgan. Bunga huquqiy imkoniyat boʻlsa-da, amalda tartib murakkab va yetarlicha shaffof emasligi, ayrim qarorlar oylab choʻzilayotgani qayd etilgan.
Investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida koʻrib chiqish talab qilingan.
«Sankt-Peterburg» mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorligi bilan bogʻlangan. Direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtilgan.
Shuningdek, yangi shaharning «tashrif qogʻozi»ga aylanadigan yirik tijorat obyektlarini koʻpaytirish masalasi koʻtarilgan. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi uchtasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi.














