A ligasi, 4-guruh

Jezushda 100 foizlik natija

Portugaliya – Norvegiya 2:1
Gollar: Ayer, 36 (0:1). Joau Kanselu, 38 (1:1). Ramush, 79 (2:1)
Portugaliya: Koshta, Ruben Diash, Veyga, Nunu Mendesh, Joau Kanselu (Dalot, 63), Palinya (Ruben Nevesh, 63), Vitinya (Bernardu Silva, 86), Brunu Fernandesh (Nunu Tavaresh, 90), Konseysau, Ramush, Joau Feliks (Trinkau, 90)
Norvegiya: Selvik, Ayer, Estigor, Volfe, Eursnes, Berg (Osgor, 87), Berge, Edegor, Nusa (Bobb, 74), Shelderup, Holand (Strann Larsen, 67)
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu, 12. Konseysau, 86. Brunu Fernandesh, 88
Chetlatish: Konseysau, 86 (ikkinchi sariq)

Portugaliya ikkinchi oʻzaro oʻyinda ham Norvegiyadan ustun keldi – 2:1. Skandinavlar ustozi Stole Solbakken oldingi oʻyinlarda qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻygani uchun darvozabon Nyulandni almashtirgandi, ammo bu ham foyda bermadi. Holbuki Norvegiya Martin Edegorning uzatmasi va Ayer toʻp uchun kurashda yutib chiqib, fantastik zarbasi yoʻllashi orqali hisobda oldinga chiqib olishgandi, ammo portugallar kambek amalga oshirishdi. Hisob ochilganidan ikki daqiqa oʻtib Jorje Jezush shogirdlari aut ijrosi orqali raqibni hayron qoldirishdi: Mendesh toʻpni jarima maydoni ichkarisiga emas, tashqarida turgan Joau Kanseluga oshirdi, u esa toʻpni darvoza toʻqqizligiga aniq yoʻnaltirdi.

Norvegiyaliklarda ikkinchi boʻlimda hisobda oldinga chiqib olish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga kelgandi, ammo Erling Holand Ruben Diash bilan toʻp uchun kurashda yutib chiqqanidan keyin yoʻllagan zarba darvoza sohasiga toʻgʻri bormadi. U ikkinchi boʻlim davomida tanasida noqulaylik his qildi va oʻzini almashtirishni soʻradi.

Portugaliya esa oʻz imkoniyatidan foydalandi: 79-daqiqada Vitinya toʻpni jarima maydonida oʻzini taklif qilgan Joau Felishga yetkazib berdi, u esa toʻpni bir teginishda qulayroq vaziyatda turgan Gonsalu Ramushga yetkazdi va Ronaldu oʻrniga asosiy forvardga aylangan futbolchi hujumni aʼlo darajada yakunladi. Statistikaga koʻra, ushbu futbolchi gol urgan oʻyinlarda Portugaliya gʻalaba qozonishi kafolatlangan (11 tadan 11 ta).

Oʻyin oxirida hakam ikki darvozaga ham bittadan penalti belgilamadi, Fransishku Konseysau esa hakam bilan tortishgani uchun bir daqiqa ichida ikki bor sariq kartochka olib maydonni tark etdi. Lekin Norvegiya qolgan daqiqalarda son jihatdan ustunlikdan foydalana olmadi va guruhda soʻnggi oʻringa tushib ketdi. Portugaliya Jorje Jezush boshqaruvidagi toʻrtinchi oʻyinda ham gʻalaba qozondi, shundan uchtasida Krishtianu Ronalduning xizmatlariga ehtiyoj sezilmadi.