Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Yangi Oʻzbekiston» universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasidagi islohotlar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdi.
Davlat rahbari dastlab mamlakatda taʼlimning uzviyligini taʼminlash borasidagi ishlar, erishilgan natijalar va kelgusi rejalar taqdimotini koʻzdan kechirdi. «Maktabgacha taʼlim», «Maktab taʼlimi», «Iqtidorli maktab oʻquvchilari», «Professional taʼlim» va «Oliy taʼlim» pavilyonlarida bolaning ilk yoshidan kasb egallashiga qadar boʻlgan taʼlim bosqichlaridagi islohotlar namoyish etilgan.
Mamlakat yetakchisi universitetning oʻquv va ilmiy infratuzilmasi bilan tanishdi. «Kelajak muhandislari» maydoni, Bloomberg laboratoriyasi, fizika oʻquv laboratoriyasi, muhandislik fanlari oʻquv zali va Apple Training Center oʻquv markazida talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida axborot berildi.


Shuningdek, Idrock sunʼiy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika laboratoriyasi, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiyalar hamda ADM mashinasozlik laboratoriyalarining faoliyati namoyish etildi. Bu maydonlar talabalarning nazariy bilimini amaliy mashgʻulotlar, tadqiqot va loyihalar bilan bogʻlashga xizmat qiladi.

Davlat rahbari universitetning professor-oʻqituvchilari va talabalari, xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etish boʻyicha xorijlik hamkorlari bilan suhbatlashdi.

Uchrashuvda oʻzbek shaxmatchilarining kechagi gʻalabalarida ustozlarning ham katta hissasi borligini taʼkidladi.
«Shaxmatda bizning qahramonlarimiz nimaga natija qildi, degan savolga ham javob bitta. Muallimlarning qilgan mehnati kechagi gʻalabalarimizga olib keldi desak, bu ham adolatdan boʻladi.
Sizlar hal qiluvchi kuchsizlar. Sizlar Oʻzbekistonimizning buyuk kelajagi poydevorini qoʻyyapsizlar desam, bu ham adolatdan boʻladi. Oʻn marta qaytarishdan charchamayman: taqdirimizni faqat muallim hal qiladi», – dedi prezident.

















