Jizzax shahrida erkak 10 yoshli bolani zoʻrlab, soʻng oʻz joniga qasd qildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2016-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilgani aniqlangan. Holat haqida jabrlanuvchining yaqin qarindoshi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan.
Maʼlum qilinishicha, holat yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumon qilinuvchi A.R. protsessual harakatlardan soʻng oʻz joniga qasd qilgan.
“Ayni vaqtda holatning barcha tafsilotlari, jumladan, voyaga yetmagan bolaga nisbatan sodir etilgan harakatlarning davri, xususiyati va boshqa holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻrganilmoqda”, deyiladi munosabatda.
5-oktabr kuni voyaga yetmagan B.D.ga Jizzax shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan keys ochilib, bola birlamchi baholashdan oʻtkazilgan va unga psixologik xizmat koʻrsatish tashkil etilgan.
Qoʻshimcha qilinishicha, hozirgi vaqtda bola xavfsiz joyda. Uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash hamda ruhiy holatini barqarorlashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Holat yuzasidan ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasi natijalaridan kelib chiqib, qoʻshimcha choralar belgilanishi bildirilgan.
















