— O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda birinchi o‘rinda nimaga e'tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?
— Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiy siyosatini qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini tubdan murakkablashtirish, iloji boricha tezroq iqtisodiyotning murakkablik ko‘rsatkichi (Economic Complexity)ni oshirish kerak.
O‘zbekiston iqtisodiyoti bir guruh xomashyo mahsulotlarini katta hajmda eksport qilishga bog‘liq, bunday iqtisodiyot aholining katta qismini katta hajmdagi daromad bilan qoplab ololmaydi. Murakkablik darajasini oshirmay turib, aholi orasidagi tengsizlikni bartaraf etish juda murakkab.
Mamlakat iqtisodiyotiga ilm-fan va texnologiya yutuqlarining joriy etilganlik darajasi «iqtisodiy murakkablik» (economic complexity) deya nomlanuvchi omil bilan o‘lchanadi. 2019 yilda e'lon qilingan indeksda iqtisodiyotining murakkablik darajasi jihatdan O‘zbekiston 157 davlat ichida 95-o‘rinni egallagan.
Iqtisodiyotning murakkablik indeksiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga ilm-fan qanchalik chuqur tatbiq etilgan bo‘lsa, daromad darajasi ham yuqori, daromadlar taqsimlanishida tengsizlik ham kam bo‘ladi. Qolaversa, sanoat tufayli ekologiya yetadigan zarar miqdori kamayadi.
Masalan, Yaponiyani olaylik, iqtisodiyotida murakkablik darajasi yuqori bo‘lgani uchun, yuqori daromadli mahsulotlarni katta hajmda ishlab chiqaradi, aholining yuqori daromadga ega bo‘lishi ta'minlanadi va mamlakatning postindustrial rivojlanish asosi yaratiladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotning hozirgi tarkibi bilan texnik-texnologik mustaqillikni ta'minlashi, postindustrial iqtisodiyotni shakllantirishi, doimiy ravishda aholi turmush darajasini oshirib borishi deyarli imkonsiz.
Shuningdek, iqtisodiyotimizning qoloqligi mashinasozlik va elektrotexnika kabi tayanch sohalarning rivojlanmagani bilan ham uzviy bog‘liq.
— Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston iqtisodiyotida murakkablik darajasini oshirishda qaysi soha tayanch tarmoq hisoblanadi?
— Fikrimcha, mamlakatimiz iqtisodiyotining darajasini murakkablashtirishda asosiy strategik rol mashinasozlik tarmog‘iga tegishli. Mashinasozlik tarmoqlari transport mashinasozligi, og‘ir, o‘rta mashinasozlik, uskunalar ishlab chiqarish, elektrotexnika, stanoksozlik tarmoqlari va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan tarmoqlar nafaqat xomashyo, balki uskunalar va stanoklar mavjudligiga bog‘liq. O‘zbekiston importi tarkibining so‘nggi 20 yildagi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, import tarkibida mashina va uskunalar ulushi barqaror ravishda 40 foiz darajada saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, eksport tarkibida mashina va uskunalar ulushi 2-3 foizdan oshmaydi.









