New York Times naşri örgangan sunʼiy yöldoş tasvirlariga köra, sulhdan keyin Isroil qöşinlari öz pozitsiyalarini mustahkamlagan va kamida 12 ta harbiy post qurgan. Ular özlari rozi bölgan çekiniş çiziğidan ötib, sektor içkarisiga yanada çuqurroq kirib borgan.

AQŞ qöllab-quvvatlagan sulh 2025-yil oktabrda kuçga kirgandi. Unga köra, Falastin anklavi – Ğazo sektorining qariyb yarmi Isroil nazoratida qolgan. Biroq joriy yil may oyida Isroil boş vaziri Binyamin Netanyahu Isroil armiyasi hududning taxminan 60 foizini nazorat qilayotganini aytdi. U bundan ham köproq qismini egallaş rejasi borligini ham oçiq bildirgan.

2026-09-29 17.25.18
Ğazoning Hamas va Isroil nazoratidagi hududlari / Foto: BBC IDF orqali

Tahlilçilar, diplomatlar va Ğazo aholisining fikriça, Isroilning sulhdan keyingi harakatlari hududning bölinişini mustahkamlab qöyayotganga öxşaydi. Holbuki, sulh Ğazoni vaqtinça ikki qismga ajratgan edi. Hozir esa Isroil nazoratidagi qism kengayib, Hamas boşqaradigan hudud torayib boryapti. Ğazodagi ikki million aholining mutlaq köpçiligi ana şu kiçik hududda yaşayapti.

Agar sulh jarayoni davom etsa, Isroil hali ham Ğazodan çiqib ketişi mumkin. Biroq sulhning keyingi bosqiçlari böyiça iş töxtab qolgandek körinyapti. Iyul oyida AQŞ rasmiylari Hamas bilan qurollarni topşiriş böyiça kelişuvga erişganini maʼlum qilgandi. Ammo Netanyahu bu rejani rad etdi. U Falastindagi guruh «haqiqiy qurolsizlanmagunça» qöşinlarni olib çiqişdan boş tortdi.

«Sariq çiziq»ning surilişi

Isroil armiyasi bayonotida Ğazodagi bazalarni «öz mudofaa konsepsiyasi, operativ ehtiyojlari va öt oçişni töxtatiş kelişuviga muvofiq» qurayotganini bildirgan. Armiyaning qöşimça qilişiça, bu bazalar Isroil qöşinlarini, şuningdek, yaqin atrofdagi aholi punktlarini himoya qiliş uçun möljallangan.

Ammo Isroil askarlari Ğazoda harbiy postlar quriş bilan çeklanmagan. Ular tösiqlar joyini özgartirgan, tuproq uyumlari barpo etgan va ayrim hududlarga kirişni taqiqlab qöygan.