Eronning Trampga javobi va Xitoy raisining Vashingtonga tashrifi – kun dayjesti
|14:542 7498 min
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
“Eron hech qachon bosh egmaydi”
23-sentabr kuni Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon AQShda – BMT Bosh Assambleyasi oliy darajadagi muzokaralarida nutq soʻzladi.
«AQSH prezidenti bizni terrorchilar deb atadi. Aslida biz terrorizm qurboni boʻlganmiz», dedi Eron vakili BMTga yuzlanib. Shundan soʻng u Isroil hujumlarida halok boʻlgan mamlakatning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xominaiy suratini koʻrsatdi.
Pizishkiyon Minobdagi boshlangʻich maktab va Lamerddagi sport majmuasida raketa zarbalarida halok boʻlgan 100 dan ortiq bolalarning ayrimlarining suratlarini ham taqdim etdi.
Seshanba kuni Bosh Assambleyadagi nutqida Tramp uning oldida «katta qaror» turganini taʼkidladi – yo eronliklarga muzokara olib borish imkonini beradi, yoki «Islom Respublikasini yoʻq qilish va buni tez amalga oshirish». Pizishkiyon bu tahdid «zoʻravonlik mentaliteti belgisi» ekanini aytdi.
«[Tramp] bilishi kerakki, sanksiyalar, ortib borayotgan bosim va zoʻravonliklar qarshisida Eron xalqining qarshiligi faqat kuchayib boradi. Biz hech qachon bosh egmaymiz yoki tiz choʻkmaymiz», dedi u.
U shunday qoʻshimcha qildi: «Biz kuch ishlatish tilini qabul qilmagan holda, muloqot, diplomatiya va muzokaralarga tayyormiz». Pizishkiyon har qanday kelishuv doirasida AQShning Hoʻrmuzdagi qamali bekor qilinishi kerakligini aytdi.
Shuningdek, u Eron tinch maqsadlardagi yadroviy dasturga ega boʻlish huquqidan voz kechmasligini va yadro qurolini yaratishga intilmasligini taʼkidladi.
Seshanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi va AQSH elchisi Stiv Uitkoff BMT doirasida qatarlik vositachilar orqali muzokaralar oʻtkazgandi. Uitkoff ushbu muhokamalar «konstruktiv va istiqbolli boʻlishiga» umid bildirdi. Araqchi esa Eronning shartlarini, jumladan, AQSH qamalini tugatish va Eronning muzlatilgan aktivlarini ozod qilishni qatʼiy talab qilgan.
Pizishkiyon nutqi boshlanishida zalni tark etgan AQSH delegatsiyasi Eron prezidentining chiqishi borasida izoh bermadi.
Si AQShga keldi
Chorshanba kuni kechki paytda prezident Donald Tramp shaxsan oʻzi Endryus qoʻshma harbiy bazasida Xitoy raisi Si Jinpingni qarshi oldi. AQSH vaqti bilan payshanba kuni Oq uyda rasmiy kutib olish marosimi boʻlishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
Reutersʼning yozishicha, mazmunan sayoz boʻlgan ushbu dabdabali sammitda har ikki yetakchi - yashirin raqobatga qaramay, oʻzaro barqaror aloqalarni namoyish etishga intilmoqda.
Bu ikkita eng yirik iqtisodiyot yetakchilarining joriy yildagi ikkinchi uchrashuvi boʻladi. Biroq Sining soʻnggi oʻn yildan ortiq vaqt ichida Vashingtonga ilk tashrifidir.
Marosimlardan zavqlanadigan Tramp uchun bu tashrif muhim diplomatik imkoniyat boʻlishi bilan bir qatorda milliy nufuz masalasi hamdir. AQSH prezidenti may oyida Xitoyda unga koʻrsatilgan ulkan ehtiromga javob qaytarishni hamda Sida yaxshi taassurot qoldirishni maqsad qilgan.
Reuters manbalariga koʻra, Si Trampni Tayvanga qurol sotishni toʻxtatishga undaydi. Buning evaziga Xitoy Eronga bosim oʻtkazishda yordam taklif qilishi mumkin.
Umuman olganda esa katta, kutilmagan burilishlar yuz berishi kutilmayapti. Tahlilchilarning taʼkidlashicha, sezilarli natijalar - savdo sulhini uzaytirish va sunʼiy intellekt tahdidlarini oʻrganish boʻyicha kelishuv bilan cheklanishi mumkin.
Rejalardan xabardor shaxslarning aytishicha, muzokaralar baʼzi tariflarni pasaytirish, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish hamda harbiylar oʻrtasidagi muloqotni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga ham olib kelishi mumkin. Shuningdek, Tramp Xitoyda hibsga olingan amerikaliklar va boshqa shaxslarni ozod qilishni soʻrashi kutilmoqda.
Xitoy savdosining oʻsishini hamda noyob yer minerallari taʼminotini nazoratda ushlab turgani hisobiga Si kuchliroq pozitsiyada koʻrinmoqda.
Shu bilan birga, Si ichki iqtisodiy muammolar bilan kurashmoqda. Tramp esa Erondagi urushiga botib qolgan. Shu sababli har ikkala yetakchi ham munosabatlarni barqaror saqlashdan manfaatdor.
Ammo tashqi koʻrinish ostida keskinlikni qayta alanga oldirishi mumkin boʻlgan muammolar: Tayvan, eksport nazorati va sunʼiy intellekt borasidagi kelishmovchiliklar ham bor.
Gʻazo uchun tiklanish rejasi
AQSH prezidenti Donald Trampning Tinchlik kengashi Gʻazo sektori qayta tiklanishi va boshqaruvi uchun qariyb 2,45 milliard dollar miqdoridagi olti oylik rejani taklif qildi.
Chorshanba kungi yigʻilishda taqdim etilgan dastur ishlarni boshlash uchun 66 ta loyihadan iborat rejani oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga 2025-yil oktabridagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi faqatgina Isroil hujumlarini sekinlashtirganini, hali yengib oʻtilishi kerak boʻlgan ulkan toʻsiqlarni ham tan oladi.
Kengashda faoliyat yurituvchi Toni Bler Gʻazodagi falastinliklar «shiorlarga emas, balki yechimga muhtoj» ekanini aytdi. Qayta tiklash va boshqaruv loyihalari quyidagilar uchun moʻljallangan taxminiy xarajatlarni oʻz ichiga oladi:
● Vaqtinchalik uy-joy;
● Vayronalar va qoldiqlarni tozalash;
● Shifoxonalarni taʼmirlash;
● Iqtisodiyotni tiklash;
● Koʻp millatli xavfsizlik kuchlarini joylashtirish.
Barcha tashabbuslar urushni tugatish boʻyicha 20 banddan iborat rejani qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan. «Ehtiyoj juda ulkan», deya bildirdi kengash. Toʻliq qayta qurish oʻrta muddatli istiqbolda taxminan 35,2 milliard dollarga, keyingi oʻn yillikda esa yana 71,4 milliard dollarga tushishi hisoblab chiqilgan.
Axios hisobotiga koʻra, Gʻazodagi chegara oʻtish punktlarini taʼmirlash, elektr energiyasi va suv infratuzilmasini tiklash, 25 000 ta koʻchma quyosh energiyasi toʻplamini joylashtirish ham koʻzda tutilgan.
Oʻtgan yil 10-oktabrda tuzilgan AQSH vositachiligidagi oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi - Isroil qoʻshinlarini olib chiqishi, Hamasni qurolsizlantirish, Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirish va fuqaroviy Falastin hukumati kelishini nazarda tutgan. Biroq oradan deyarli bir yil oʻtgan boʻlsa-da, rejani toʻliq amalga oshirish mushkulligicha qolmoqda.
Isroil hali ham hududning taxminan 60 foizini egallab turibdi va Hamasni nishonga olganini daʼvo qilib, muntazam hujumlar uyushtirmoqda. Hamas Isroilga ishonmasligini aytib, hozircha qurollarini topshirmayapti.
Rossiya-Ukraina urushi
Payshanba kuni erta tongda Rossiya Kiyevga ballistik raketalar va dronlar bilan zarba berdi. Rasmiylarning maʼlum qilishicha, oqibatda ikki kishi halok boʻlgan, ulardan biri zarar koʻrgan tugʻuruqxona avtoturargohida vafot etgan.
Soʻnggi oylarda Rossiya Ukrainaga qarshi havo hujumlarini kuchaytirdi - tezkorroq va tutib olish qiyinroq boʻlgan dronlarni koʻproq ishga solmoqda.
Ukraina harbiy-havo kuchlarining maʼlum qilishicha, tungi yopirilma hujum nomaʼlum miqdordagi gipertovushli va ballistik raketalarni, 282 ta dron hamda boshqa qurollarni oʻz ichiga olgan.
Shahar boʻylab bir nechta portlash ovozi eshitildi. Politsiyaning maʼlum qilishicha, tugʻuruqxonadan tashqari uchta tumanda toʻqqizta uy, pochta boʻlimi, omborxonalar va oʻnlab avtomobillarga zarar yetgan.
Rasmiylar hujumlarda sakkiz kishi jarohatlanganini bildirdi. Shahar meri Vitaliy Klichko kasalxona fasadining bir qismiga, shuningdek, yaqin atrofdagi klinik-diagnostika markaziga ham zarar yetganini qoʻshimcha qildi.
«Moskvaga yetarlicha bosim oʻtkazilmagani unga qayta-qayta zarbalar berish imkonini berdi. Aynan hozir Qoʻshma Shtatlarda keskin javob qaytarish imkoniyati bor. Insonlar hayotini saqlab qolish uchun bizga ballistik raketalarni tutib oluvchi vositalar zarur», dedi BMT Bosh Assambleyasida qatnashish uchun AQShga kelgan Zelenskiy.
Rossiya Mudofaa vazirligi uning kuchlari Ukraina mudofaa obyektlari, logistika va telekommunikatsiya markazlariga, shuningdek, harbiylarning kemalariga zarba berganini bildirdi.