Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Yangi Toshkentda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Erkinjon Turdimov taʼlim va ilm fan vaziri etib tayinlangani yuzasidan fikr bildirdi.

«Oʻzlaring koʻrdilaring, taʼlim vazirini oʻzgartirdim. Eng ishongan kadrimni olib kelib, taʼlim vaziri qildim.

Son koʻpayib ketdi, sifat kamayib ketdi. Bu meni juda tashvishga soladi.

Shuning uchun katta tajribaga ega, toʻrtta viloyat hokimi boʻlgan odamni taʼlimga olib kelganimning tagida juda katta maʼno borki, endi prezident bu masalaga mutlaqo boshqacha qaraydi.

Taʼlimga juda katta eʼtibor berish uchun vazirga bosh vazirning birinchi oʻrinbosari maqomini berganim bejiz emas. Endi tibbiyotga, taʼlimga eʼtibor mutlaqo oʻzgaradi davlatda», – degan davlat rahbari.

3-oktabr kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlashtirilib, yangi Taʼlim va fan vazirligi tashkil etilgandi. Islohot taʼlimning barcha bosqichlari hamda ilmiy faoliyat oʻrtasidagi integratsiya va uzviylikni taʼminlash, yagona boshqaruv tizimini joriy etish hamda jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni oshirishni nazarda tutadi.

9-oktabr kuni bu vazirlikka shu vaqtgacha Sirdaryo viloyatini boshqarib turgan Erkinjon Turdimov rahbar boʻlgani maʼlum qilindi (u muqaddam Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlariga ham hokimlik qilgan).

Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari – taʼlim va fan vaziri taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalaridagi vazifalar ijrosini muvofiqlashtiradi. Ularning ijrosini tashkil etish va nazorat qilish Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatilgan.