Flydubai aviakompaniyasining Dubaydan Tel-Avivga amalga oshirilgan reysi vaqtida ikkinchi uchuvchi terakt amalga oshirmoqchi boʻlgan. Bu haqda Birlashgan Arab Amirliklari bosh prokurori Hamad Saif al-Shamsiy maʼlum qildi.
Bosh prokurorning soʻzlariga koʻra, ikkinchi uchuvchi havo kemasi komandiri Smit Machchharni dastlabki xabarlarda aytilganidek pichoq bilan emas, kabinadagi avariya boltachasi bilan yaralagan.
«Ikkinchi uchuvchi oʻz rejasini parvoz paytida amalga oshirishga kirishgan: u ekipaj komandiriga kabinadagi boltacha bilan hujum qilgan va samolyot boshqaruvini qoʻlga olishga uringan», – deya bosh prokurorning soʻzlarini keltiradi Amirliklardagi WAM davlat axborot agentligi.
U ikkinchi uchuvchining motivlari haqida maʼlum qilmagan.
Avariya boltachasi uchuvchilar kabinasida favqulodda vaziyatlarda ishlatish uchun saqlanadi. Ekspertlarga koʻra, ushbu qurol odatda ikkinchi uchuvchi oʻrindigʻi ostida turadi.
Bosh prokuror hujum qilgan uchuvchining shaxsiga oid maʼlumotlarni ochiqlamagan. Bungacha Isroil rasmiylari u Oʻmon fuqarosi ekanini maʼlum qilgandi.
Associated Press va Reuters agentliklari oʻz manbalariga tayanib yozishicha, ikkinchi uchuvchining ismi sharifi Hammam al-Hammamiy boʻlib, u 29 yoshda.
Al-Hammamiy Buyuk Britaniyaning Bukinghemshir shahridagi Yangi universitetda uch yillik masofaviy taʼlim kursini tamomlagan va 2023-yilda «Aviatsiya boshqaruvi» mutaxassisligi boʻyicha diplom olgan. Universitetning aniqlik kiritishicha, u ushbu taʼlim muassasasida hech qanday parvoz tayyorgarligidan oʻtmagan.
ABC News nashri maʼlumotiga koʻra, 2024-yilda u Oman Air aviakompaniyasida ikkinchi uchuvchi stajyori sifatida ishlagan, ammo unda «ekstremistik yoʻnalishdagi materiallar» borligi aniqlangach, parvozlardan chetlatilgan. Shu bilan birga, unga maʼmuriy ishlar bilan shugʻullanishga ruxsat berilgan.
Keyinroq u Royal Air Maroc aviakompaniyasida ham faoliyat koʻrsatgan, sakkiz oy oldin esa Flydubai aviakompaniyasiga ishga kirgan. Nima uchun unga Isroilga qatnaydigan samolyot kabinasida ikkinchi uchuvchi sifatida uchishga ruxsat berilgani hozircha nomaʼlum – u bungacha ham bir necha bor Dubay-Tel-Aviv yoʻnalishidagi reyslarda ikkinchi uchuvchi sifatida ishlagan. Gap shundaki, Isroil va BAA oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, Isroil hududiga uchuvchi samolyotlar boshqaruvida ushbu davlat bilan munosabatlari yaxshi boʻlmagan davlatlar fuqarolari boʻlishi taqiqlangan, Oʻmon esa Isroil bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatmagan. Hozir Isroil hukumati boshqa xorijiy aviatashuvchilarning uchuvchilari orasida Isroil bilan dushman davlatlar fuqarolari bor yoki yoʻqligini tekshirmoqda.








