Oliy Majlis Senati 3-oktabr kungi yalpi majlisda “Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunni maʼqulladi.
Bu shartnoma “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasida imzolangan birinchi koʻp tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanib, Markaziy Osiyo davlatlari va XXR oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
Shartnomada davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, “yashil” taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.
Senat xabarida aytilishicha, shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temiryoʻlini barpo etish, transport yoʻlaklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, “Elektron Ipak yoʻli” savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.








