Oʻzbekiston oltin medallar sonini 16 taga yetkazdi va eng yaqin taʼqibchisi Tailanddan uzoqlashishda davom etmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari 2026-yilgi Osiyo oʻyinlarining 11-kunida 12 sport turida ishtirok etishdi.

Kun davomida delegatsiya hisobiga yana 9 ta medal (2 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza) qoʻlga kiritildi: medallarning barchasi dzyudo, yunon-rum kurashi va boksda qoʻlga kiritildi.

Dzyudo

Bugungi dasturda Oʻzbekiston dzyudo jamoasining 4 vakili ishtirok etdi va shundan uch nafari medal qoʻlga kiritdi.

Dastlab ayollar oʻrtasida 48 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Laziza Haydarova chorakfinalda yaponiyalik Kondo Mitsukiga qarshi gilamga chiqib, yutqazib qoʻydi. Yaponiyalik sportchi finalgacha yetib borgani (u shu vazn toifasi chempioni ham boʻldi) tufayli Haydarovada bronza uchun kurashish imkoniyati yuzaga keldi, ammo oʻzbekistonlik sportchi medal uchun oʻtish bahsida tojikistonlik Ahliya Moʻminovaga ham magʻlub boʻldi.

Ayollar oʻrtasida 52 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida ishtirok etgan Siti Qadamboyeva esa Oʻzbekistonga navbatdagi oltin medalni olib keldi. U chorakfinalda qozogʻistonlik Meruyert Sarsenovani, yarimfinalda moʻgʻulistonlik Uranzaya Bayanmunkni, finalda esa Janubiy Koreya vakili Jang Seyunni magʻlubiyatga uchratdi.

photo_2026-09-30_14-41-43

Erkaklar oʻrtasida 60 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida Samariddin Qoʻchqorov bronza bilan kifoyalandi.

photo_2026-09-30_13-56-02

U dastlabki bosqichda nepallik Vikasni ippon bahosi bilan magʻlub etdi, keyingi bosqichda Bahrayn nomidan qatnashgan Ruslan Poltoratskidan yuko bahosi bilan ustun keldi, ammo yarimfinalda yaponiyalik Hayato Kondoga vazari bahosi bilan yutqazdi. Medal uchun kurashda esa tojikistonlik Loyiq Kudbudinovdan vazari va yuko baholari evaziga ustun keldi.