13:13 / 15.05.2017
7711

Akademik Edvard Rtveladze «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi

Foto: O‘zA

Ilm-fan bilan shug‘ullanish igna bilan quduq qazishga mengzalishi bejiz emas. Chunki jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimi ilm-fan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mazkur sohani, olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, umrini shunday mashaqqatli ishga bag‘ishlagan insonlar mehnatini munosib rag‘batlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

O‘zA'ning xabar berishicha, bu jihatlar 14 may kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasida yirik tarixchi-arxeolog olim, akademik Edvard Rtveladze tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ham o‘z ifodasini topdi. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, Fanlar akademiyasi a'zolari, yurtimiz va xorijlik olimlar, talabalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 10 maydagi farmoni bilan ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yosh avlodning intellektual va ma'naviy salohiyatini yuksaltirishdagi munosib hissasi, mamlakatimizning ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki uchun O‘zFA San'atshunoslik instituti bo‘lim boshlig‘i, akademik Edvard Rtveladze «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov yuksak davlat mukofotini E.Rtveladzega tantanali ravishda topshirdi.

Edvard Rtveladze 840 dan ziyod ilmiy ish, jumladan, 41 monografiya muallifidir. Besh yuzdan ziyod ilmiy maqolasi O‘zbekiston, Rossiya, Italiya, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Gretsiya, Gruziya, Polsha, Hindiston kabi davlatlardagi nufuzli ilmiy nashrlarda chop etilgan. Uning ilmiy rahbarligida 14 fan doktori va fan nomzodlari tayyorlangan.

– Edvard Rtveladzening O‘zbekiston va Markaziy Osiyo, butun Yevroosiyo tarixi bilan bog‘liq keng qamrovli ilmiy tadqiqotlari, ishlanmalari dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida tan olingan, – deydi O‘zFA Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar instituti direktori Amriddin Berdimurodov. – Olimning yurtimiz antik davri tarixini o‘rganishdagi ulkan xizmatlari hech qachon o‘z ahamiyati va qiymatini yo‘qotmaydi.

Akademik mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Oliy Majlis Senati (2010-2015 yillar), O‘zFA prezidiumi, ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlarining a'zosi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Olimning mehnatlari mustaqillik yillarida munosib qadr topmoqda. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti farmonlariga ko‘ra E.Rtveladzega «Buyuk xizmatlari uchun» (2001 y.), «Mehnat shuhrati» (2003 y.) ordenlari, Fan va texnika sohasidagi Davlat mukofoti (2007 y.) berilgan.

– Umrimning asosiy qismi o‘zbek qishloqlarida, ko‘p yillik tarix tilsimlarini bag‘rida saqlab kelgan tepaliklarda o‘tayotganidan mamnunman, – deydi akademik Edvard Rtveladze. – O‘zbekiston – insoniyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri. Bu zaminning buyuk tarixi insoniyat qay tariqa taraqqiyotga erishganining o‘ziga xos bir isbotidir. Shunday tabarruk yoshda el-yurt e'zozida yurish – katta baxt. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga ilm-fan rivojiga, akademiklarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan yuksak g‘amxo‘rligi, kamtarin mehnatlarimni yuqori baholab, Vatanimizning yuksak mukofoti – "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirlagani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.

 

Top