Shayxontohur tumanida maktab qoʻriqchisi 12 yoshli qizga shahvoniy shilqimlik qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatiga koʻra, 23 yoshli Sh.J. maktabda shartnoma asosida qoʻriqchi boʻlib ishlagan. U 15-sentabr kuni soat 15:30 da maktab binosida 12 yoshli oʻquvchi qizning oldiga borgan hamda uning belidan ushlab, labidan oʻpgan holda shahvoniy shilqimlik qilgan.

Surishtiruv organi Sh.J. sodir qilgan harakatni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan kvalifikatsiya qilgan va ishni sudga yuborgan.

Sud Sh.J.ga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy ishni koʻrib chiqib, huquqbuzarlik holatida jinoyat alomati bor, degan xulosaga keldi va uni prokurorga qaytarish haqida ajrim chiqardi.

“Sh.J. shahvoniy shilqimlik harakatlarini voyaga yetmagan, 2014-yilda tugʻilgan qizga nisbatan sodir etgan yoki etmaganligi, uning harakatlarida jinoyat alomatlari bor yoki yoʻqligi va ish holatlari toʻliq tekshirilmagan. Qayta surishtiruv jarayonida ish holatlari toʻliq tekshirilib, Sh.J.ning harakatlarida jinoyat alomati bor yoki yoʻqligini, jinoyat sodir qilingan boʻlsa uning harakatlariga tegishli baho berilishi lozim boʻladi”, deya keltirilgan sud ajrimida.

Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining 129-moddasiga koʻra, 16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan zoʻrlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish 3 yilgacha, bunday harakatni 14 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan sodir etish 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar ushbu harakatlar zoʻrlik ishlatib yoki qoʻrqitib sodir etilgan boʻlsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.