Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentdagi teatrlarda mavsum premeralar bilan yakunlanadi
May va iyun oylarida Toshkentdagi teatrlar repertuari ko‘plab yangi spektakllar bilan boyidi. Yakunlanayotgan mavsum premeralari haqida “SABO” gazetasi ma'lumot bergan.
O‘zbek milliy akademik drama teatrida Izzat Sultonning “Imon” spektakli sahnalashtirildi. Dastlab asarni 1960 yili rejissyor Anatoliy Qobulov va Qudrat Xo‘jayev sahnalashtirgan. Spektaklning yangi talqiniga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Azimov rejissyorlik qilgan bo‘lsa, asarni Ahmadjon Meliboyev zamon ruhiga moslab tahrir qildi. Bosh qahramon professor Yo‘ldosh Komilov rolini O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev ijro etgan. Ijodkorlar drama qanday bo‘lsa shundayligicha sahnalashtirmasdan, hozirgi zamon ruhini singdirishdi.
Milliy teatrda Qo‘chqor Norqobil asari asosida Nodira Mahmudovaning tabiatni asrash mavzusidagi “Zamindan olis ketma” nomli spektakl ham sahnalashtirildi.
Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida rejissyor Ahad Farmonov “Olifta” spektaklini sahnalashtirgan. Asosan komedik sahnalarga boy bo‘lgan voqealar zamirida ijodkorlar odamlardagi ziqnalik, o‘zgalar fikriga bepisandlik, manmanlik kabi illatlarni tanqid ostiga olishgan.
O‘zbekison san'at arbobi Baxtiyor To‘rayevning rejissyorlik ishi ham Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida taqdim qilindi. Halima Ahmedova asari asosidagi “Yuragimni almashtiraman” spektaklida odamlardagi yurakni almashtirish va shu bilan olamni tozalash to‘g‘risidagi fantastik fikrlar o‘rin olgan.
O‘zbek davlat drama teatrida Shuhrat Qahhor qalamiga mansub “Ilhaq” spektakli sahnalashtirilganiga hech qancha bo‘lgani yo‘q. Spektaklni kino olamida ancha tajribaga ega va bir qator filmlari bilan tomoshabinlarga tanish bo‘lgan Jahongir Ahmedov sahnalashtirgan. Spektakl voqealari qariyalar uyida bo‘lib o‘tadi. Unda qariyalar uyiga odamlarning qanday kelib qolgani, har birining taqdir yo‘li tasvirlanadi.
Ushbu teatrning taniqli aktyorlaridan biri Bahodir Mirmaqsudovning uchinchi rejissyorlik ishi dramaturg Sharof Boshbekovning “Charog‘bonlar” asari bo‘ldi. Asar yoshlar uchun mo‘ljallangan. Spektaklda bosh rolni aktrisa Jumagul O‘lmasova o‘ynagan.