Bu mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilçilar Hikmatilla Kazakbayev va Kamoliddin Rabbimov fikrlari.

Hikmatilla Kazakbayev: Husiyçilarning hozirgi harakatlarida Eronning taʼsirini avvalgiga qaraganda pastroq baholayman. Nazarimda, husiyçilar mustaqil qarorlar qabul qilib, öz manfaatlaridan kelib çiqib harakat qila boşlagan. Töğri, ularning qurol-yaroğ salohiyati köp jihatdan Eronga boğliq. Ular özlari işlab çiqarganini daʼvo qilayotgan dronlar va raketalarning bir qismi ham Eron tomonidan yetkazib berilgan yoki uning kömagida işlab çiqarilgan. Şunga qaramay, husiyçilarning sönggi harakatlarida Eron omilini avvalgidek hal qiluvçi deb hisoblamayman. Bu taʼsir butunlay yöq degani emas, ammo uning darajasi pasaygan bölişi mumkin.

Husiyçilarning hozirgi xatti-harakatlari menga 2023-yil 7-oktabrda Hamas tomonidan amalga oşirilgan hujumni eslatmoqda. Öşa paytda ham Hamas öz kuçini töğri baholamagani, ayrim taşqi kuçlarning kömagiga ortiqça umid boğlagani haqida fikrlar bildirilgan edi. Natijada Isroil bu hujumdan Ğazoga qarşi keng kölamli harbiy amaliyotlarini oqlaş uçun foydalandi va hududning katta qismini vayron qildi.

Husiyçilar Saudiya Arabistoniga qarşi harakat qilişda kimga yoki qanday kuçga tayanayotgani ham muhim masala. Ayniqsa, bu voqealar Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston örtasida kelişuvlar muhokama qilinayotgan bir paytda yuz berayotgani eʼtiborga molik. Agar Makka alyansi husiyçilarga qarşi umumiy pozitsiya şakllantirişni ham nazarda tutayotgan bölsa, husiyçilarning bunday hujumlari ular uçun yanada katta tavakkalga aylanişi mumkin. Çunki Saudiya Arabistoni oçiq uruşga kirişişda ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Mamlakatning iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalari, energetika infratuzilmasi hamda katta hududlarini himoya qiliş zarurati bunday töqnaşuvning narxini oşiradi.

Zamonaviy havo mudofaa tizimlariga ega davlatlar ham energetika obyektlarini barça hujumlardan töliq himoya qila olmayotgan bir şaroitda, Saudiya Arabistoni uçun ham bunday xavflarni butunlay bartaraf etiş oson emas. Şu sababli Ar-Riyod husiylar bilan keng kölamli uruşga kirişişdan avval uning oqibatlarini hisobga olişi tabiiy.

Hozirgi vaziyatda husiyçilar juda katta tavakkalga qöl uryapti. Ayniqsa, Ar-Riyoddagi ayeroportga qilingan hujum haqidagi xabarlar jiddiy savollarni yuzaga keltiradi. Çunki gap harbiy nişonlar emas, fuqarolik infratuzilmasi haqida ketmoqda. Bu esa husiyçilarning boşqa musulmon davlatlari jamoatçiligi oldidagi obrösiga ham putur yetkazişi mumkin. Ularning harakatlari Eron bilan boğlanişi esa Tehronga xayrixoh bölgan ayrim davlatlar va jamoatçilik vakillarining ham munosabatini özgartirişi ehtimoldan xoli emas.