Botir Qodirov
Xonanda Botir Qodirov 1981 yil 6 may kuni Andijonda, san'atkorlar oilasida dunyoga kelgan. Onasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zulxumor Qodirova. Botir Qodirov bolaligidanoq qo‘shiq kuylashga ishtiyoqmand bo‘lgan. Maktabni tamomlagandan so‘ng 2000 yil Andijon san'at kollejiga o‘qishga kiradi. Kollejni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent davlat madaniyat institutining an'anaviy xonandalik fakultetiga o‘qishga kiradi. Ilk ijodini 2005 yil “Seni o‘ylayman” qo‘shig‘i bilan yakkaxon xonanda sifatida boshlaydi. Xit taronalari “Seni o‘ylayman”, “Adashdim” qo‘shiqlari bo‘lib, bugungi kungacha xonandaning 60 ga yaqin qo‘shiq, 10 ga yaqin klip va 4 ta albomi muxlislarga taqdim etilgan. Pop, folklor janrida ijod qiladi.

Qo‘shiqlari: “Diydor uchun”, “Yiqildim yomon”, “Ishon”, “Ishq”, “Sog‘inganda yig‘laysanmi?” “Ona“, “Sevib qolganman”, “Adashdim”, “Men otamni sog‘inganda”, “Bandasi bor etolmas” “Yonaman”, “Yuragim duk duk uradi”, “Sevib qolganman yomon”, “Muhabbat keladi”, “Go‘zalsan”, “Yomon ko‘raman”, “Jim turing”, “Shukrona”.
Shuhrat Umar (“Shod” guruhi a'zosi)
“Shod” guruhining sobiq yakkaxoni. 1982 yil 6 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.O‘quvchilik yillaridayoq musiqaga bo‘lgan qiziqish paydo bo‘lib, maktabni muvaffaqiyatli tamomlaganidan so‘ng, “estrada va sirk” kollejiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillaridayoq kollejda o‘tkazilgan barcha tadbirlarda faol ishtiroki etib, sahna madaniyati va sirlarini o‘rganadi. Kollejni amomlab, hujjatlarini “Toshkent davlat san'at (hozirgi “O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat” instituti) institutiga topshiradi. 2000 yilda oliygohdagi kursdoshlari Otabek va Doniyor bilan birgalikda “Shod” guruhiga asos solinganidan so‘ng, ushbu guruh tarkibida sermahsul ijod qila boshlaydi. Xonanda ushbu guruh a'zosi bo‘lgan paytlarida Doniyor va Otabek bilan birgalikda “Yurak”, “Milaya”, “Xato”, “Aytgin menga”, “Armonim bor”, “Ana mana”, “Yana-yana”, “Alam”, “Yangi yil”, “Shahlo ko‘zli malikam”, “Rumba”, “Ishontir” kabi qo‘shiqlarni kuylaydi. Oilali. Odinaxon, Robiyaxon va Roziyaxon kabi 3 nafar qizaloqlarning otasi. Ayni damda xonanda Shuhrat Umar yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritib, mustaqil ravishda yaratgan ilk qo‘shig‘i “Nega endi” deb nomlandi.















