17:09 / 15.06.2020
38544

O‘zbekiston mudofaa vaziriga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi

Mudofaa vazirligida navbatdagi lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, polkovnik Alisher To‘xtayevich Norboyev O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Alisher To‘xtayevich Norboyev

Mazkur tayinlovga qadar polkovnik Alisher Norboyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi artilleriya boshqarmasi boshlig‘i – artilleriya qo‘mondoni bo‘lgan.

Alisher Norboyev 1979 yil 1 iyulda Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida tug‘ilgan. 2000 yil Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtini, 2009 yil O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasini, 2018 yilda Mixaylovsk artilleriya akademiyasining (Rossiya Federatsiyasi) malaka oshirish kursini bitirgan.

Polkovnik Zoirjon Gulimmatovich Bozorboyev O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining Moddiy-texnik ta'minot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Zoirjon Gulimmatovich Bozorboyev

Ushbu tayinlovga qadar polkovnik Zoirjon Bozorboyev O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Moddiy-texnik ta'minot bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.

Zoirjon Bozorboyev 1974 yil 19 sentyabrda Xorazm viloyati, Gurlan tumanida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasini tamomlagan.

Polkovnik Farhodjon Ortiqovich Shermatov Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi.

Farhodjon Ortiqovich Shermatov

Bunga qadar polkovnik Farhodjon Shermatov O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i edi.

Farhodjon Shermatov 1969 yil 25 noyabrda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Leningrad oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini, 1997 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasini, 2006 yilda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi akademiyasini tamomlagan.

Polkovnik Abdulla Adhamovich Hamroyev O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Abdulla Adhamovich Hamroyev

Bunga qadar polkovnik Abdulla Hamroyev Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismlardan birining komandiri edi.

Abdulla Hamroyev 1976 yil 20 aprelda Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida tug‘ilgan. 1998 yilda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini, 2006 yilda Bundesvera bosh shtabi qo‘mondonlik akademiyasini, 2007 yilda Rossiya Federatsiyasi Harbiy havo kuchlari uchuvchi ofitserlarni jangovar mashg‘ulotlarga o‘rgatish markaziy kursini, 2014 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasining qo‘mondonlik malaka oshirish va qayta tayyorlash oliy kursini bitirgan.

Mavzuga oid
Top