O‘zbekiston | 17:28 / 26.04.2021
5763
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi: O‘zbekiston terma jamoasi 55-olimpiadani 7ta medal bilan yakunladi

Shu yilning 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o‘quvchilari o‘rtasida 55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda o‘tkazildi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar o‘quvchi himoya qilib, 7 nafari ham medal sohibi bo‘ldi.

 «Olimpiadada Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Isroil, Xorvatiya, Vengriya va boshqa mamlakat jamoalari bilan birga mamlakatimiz terma jamoasi ham ishtirok etdi. Xalqaro olimpiada Xalq ta'limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan Toshkent shahri Yunusobod tumani 9-Axborot texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘tkazildi va jarayonlar tashkiliy qo‘mita tomonidan jami 17 ta vebkamera va mikrofonlar orqali kuzatib borildi.

Xalqaro olimpiada ikkita nazariy turda o‘tkazildi. Ilk bosqichda barcha ishtirokchilar 8 ta majburiy masala ishlagan bo‘lsa (jami 80 ball), ikkinchi bosqichda kimyo fanining 5 bo‘limiga oid 15 masaladan ixtiyoriy 5 tasini ishlash talab qilindi (jami 75 ball). Ikki bosqich natijalariga ko‘ra g‘olib o‘quvchilar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, vatanimiz sharafini himoya qilgan o‘quvchilarimiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi», – deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, o‘tgan yilgi 54-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

Olimpiada g‘oliblariga diplom, medal va sovg‘a qilinadigan kitoblar tashkiliy qo‘mita tomonidan pochta orqali jo‘natiladi.

O‘zbekiston terma jamoasi mazkur olimpiadalardagi jami ishtiroki davomida 7 ta oltin, 20 ta kumush va 51 ta bronza medallari jamg‘argan.

55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar

  • Oltin medal – 1 ta
  • Firdavs Sobirov – Buxoro shahar 35-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchisi.
  • Kumush medal – 4 ta
  • Azimjon Jamolov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi;
  • Sobirjon Amanov – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi;
  • Nafisa Normurodova – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi;
  • Durdona Muxtarxo‘jayeva – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi.
  • Bronza medal – 2 ta
  • Ikromiddin Boymahammadov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi;
  • Begzod Ro‘ziboyev – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi.
Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish