12:56 / 30.09.2021
8890
O‘zbekistonda Digital Holding faoliyat boshlamoqda. Unga Ucell’ning sobiq bosh direktori rahbarlik qiladi

USM Telecom, MegaFon va O‘zbekiston hukumati Digital Holding qo‘shma korxonasiga asos soldi, uning tarkibiga Ucell va USM shu'ba korxonalari - CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan kiradi. Rossiya tomoni korxonani rivojlantirish uchun 100 mln dollar yo‘naltiradi. Qo‘shma korxonaga Ucell’ning sobiq bosh direktori Vladimir Kravchenko rahbarlik qiladi.

USM Telecom («YueSeM Telekom») va MegaFon o‘zbekistonlik sheriklari bilan birgalikda Digital Holding qo‘shma korxonasini tuzish bosqichini yakunlashdi.

«29 sentabr kuni USM Telecom va MegaFon o‘zbekistonlik sheriklari bilan birgalikda Digital Holding qo‘shma korxonasinining tuzish bosqichini yakunlashdi. O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish agentligida qo‘shma korxona tuzish bo‘yicha yakuniy hujjatlar to‘plami imzolandi. Digital Holding kompaniyasiga ilgari Ucell bosh direktori lavozimini egallagan Vladimir Kravchenko rahbarlik qiladi.

Digital Holding Markaziy Osiyodagi eng yirik telekommunikatsiya bozorida texnologik yetakchiga aylanishni maqsad qilgan. Kompaniyaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasida telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilashga, xususan xalqaro standartlarga mos raqamli infratuzilmani shakllantirish, shuningdek ma'lumotlarini saqlash va qayta ishlash, raqamli markirovka va alohida turdagi tovarlar harakatini nazorat qilishda ilg‘or texnologiyalar va tizimlarini joriy etishga qaratilgan bo‘ladi», deya xabar berdi Ucell matbuot xizmati Kun.uz’ga.

Qo‘shma korxona Ucell aloqa operatorining 100 foiz ustav kapitali, USM shu'ba korxonalari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan’ni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Rossiya tomoni Digital Holding kompaniyasini rivojlantirish uchun 100 million dollar sarmoya kiritadi. Qo‘shma korxonaning 51 foiz ulushi MegaFon va USM Telecom’ning qo‘shma korxonasi hisoblangan «Digital Invest»ga, 49 foizi esa O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli bo‘ladi.

Ucell (COSCOM MChJ)ning yangi bosh direktori lavozimiga ilgari Rossiyada MegaFonning mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha direktori lavozimida ishlagan Andrey Shishkovskiy tayinlandi. ICS Holding Uzbekistan kompaniyasini Andrey Maygur boshqaradi. Anatoliy Bachikalov CRPT Turon bosh direktori lavozimini saqlab qoladi.

«Digital Holding» qo‘shma korxonasining yaratilishi «MegaFon» OAJ singari kuchli o‘yinchining bozorga kelishi ilg‘or texnologik yechimlar joriy etilishiga xizmat qiladi. Mamlakat rahbariyati tomonidan soha oldiga iqtisodiyot tarmoqlari raqamli transformatsiyasi, xususan, mobil aloqani kelgusida rivojlantirish bo‘yicha katta vazifalar qo‘yilgan.

Raqamli iqtisodiyot iqtisodiy o‘sishning asosiy boshqaruvchi kuchi sifatida belgilangan. Shuning uchun mobil aloqa va internet xizmatlari sifatini oshirish, elektron tijorat tizimlari, raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlarni rivojlantirishni jadallashtirish ko‘zda tutilmoqda», deydi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov.

«MegaFondan biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizga o‘z tajribamiz, texnologiyalarimiz va muvaffaqiyatli keysimizga to‘liq foydalanish imkoniyatini taqdim etamiz», deydi MegaFon bosh direktori Xachatur Pombuxchan.

Rossiyaning MegaFon va USM Telecom aloqa kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida shu yilning fevralida ma'lum qilingandi. Qo‘shma korxonaga kirish uchun kompaniyalar «Digital Invest» kompaniyasini tashkil etishgan, unda ikki tomon 50 foizdan ulushga ega.

Ucell - GSM, UMTS, LTE va 5G standartlaridagi uyali aloqa operatori bo‘lib, O‘zbekiston uyali aloqa bozorida yetakchi sanaladi. Kompaniyaning xizmatlaridan 8 million abonent foydalanadi. 2021 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, aholi punktlarida qamrov 97,8 foiz (GSM); 73,2 foiz (UMTS); 73,4 foiz (LTE). Ucell - 5G standartini O‘zbekistonda ilk bor sinab ko‘rgan kompaniya hisoblanadi.

USM Telecom — Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan USM Holding kompaniyasining raqamli bo‘linmasi. MegaFon telekommunikatsiya operatori va «IKS Holding» IT-guruhini 100 foiz nazorat qiladi. USM Telecom’ning asosiy egalari USM (aksiyalarning 80 foizi), Ivan Streshinskiy (10 foiz) va Anton Cherepennikov (10 foiz).

MegaFon — Rossiyaning telekommunikatsiya bozorida yetakchi o‘rinlarda turuvchi raqamli imkoniyatlar milliy operatori. «MegaFon» Rossiya telekom bozorining barcha segmentlarida, shu bilan birga Abxaziya, Janubiy Osetiya, va Tojikistonda faoliyat yuritadi, aloqa sifatiga azaldan alohida e'tibor qaratadi va abonentlariga yuqori tezlikdagi internet taqdim etadi. Kompaniyaning Rossiyadagi xizmatlaridan 72 million mijoz foydalanadi.

Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (ITRM) raqamli iqtisodiyotda keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan. ITRM USM (50 foiz), Rostex (25 foiz) va «Elvis-Plyus Grup» (25 foiz) qo‘shma loyihasi sanaladi. ITRM Rossiyada tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish uchun davlat axborot tizimini yaratadi. Davlat-xususiy sheriklik formatida yaratilgan CRPT Turon tajribalar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida markirovka tizimining operatori sifatida belgilangan.

Top