22:21 / 04.11.2021
68614
Telegram'ni bloklashga urinish: Obro‘si to‘kilgan hukumat, qovun tushirgan vazirlik va ishdan ketgan uch amaldor

Vazirlar Mahkamasi prezident bilan kelishmagan holda ijtimoiy tarmoqlarni bloklab qo‘ydi. Bundan xabar topgan Shavkat Mirziyoyev uch nafar yuqori lavozimli amaldorni ishdan oldi. Kun.uz hafta voqeasi xronologiyasini taqdim etadi.

Kecha, 3 noyabr kuni internetning o‘zbek segmentini “portlatgan” juda qiziq voqealar bo‘lib o‘tdi. Bir necha soat davomida internetdan xabar olmaganlar esa nima bo‘lganini tushunmay ham qoldi. Keling, hammasini bir boshdan gapirib beramiz, boricha…

Dastlab 19:00lar atrofida “O‘zkomnazorat” Telegram messenjeri hamda YouTube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki tarmoqlarining O‘zbekistondagi faoliyatini cheklab qo‘ydi. Davlat personallashtirish markazi bu tarmoqlari Shaxsga doir ma'lumotlar sub'yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritdi.

Cheklov qo‘yilgach, Telegram'da xabar almashish imkoni bo‘lsa-da, fayllar yuborib bo‘lmay qoldi. Facebook'ga esa VPN'siz kirib bo‘lmayotgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu yangilikka nisbatan tanqidlar yomg‘iri yog‘ildi. Bu holat haqiqatda jamoatchilikning keskin va haqli e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik buni prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik siyosatiga qarshi harakat deb baholadi.

Soat 21:37da prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Telegram'dagi kanalida voqeadan Shavkat Mirziyoyev xabar topganini va tez orada barcha tarmoqlarga ulanish tiklanishini ma'lum qildi. Rasmiy xabar boshidagi eng birinchi so‘zlarga diqqat qiling: “Hukumat ko‘rsatmasiga asosan “O‘zkomnazorat” tomonidan bir yoqlama, uzoqni o‘ylamay qilingan harakat...”

Prezident administratsiyasiga aloqador “Nigoh” kanali ham topshiriqni Vazirlar Mahkamasi berganini yozib chiqdi. Kanalga ko‘ra, hukumatning ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklash to‘g‘risidagi qarori “barcha huquqiy va texnik me'yorlarga rioya qilgan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan” va bu haqda Prezident administratsiyasiga xabar berilmagan.

Bu orada Telegram, Facebook va boshqa tarmoqlarning O‘zbekistondagi faoliyati qisman tiklandi, YouTube video hostingidagi uzilishlar davom etib turdi.

Ko‘p o‘tmay Kun.uz manbasi ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklash bo‘yicha topshiriq hukumatdan “O‘zkomnazorat”ga bir kun oldin, bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan berilganini ma'lum qildi.

Yana bir necha daqiqalardan keyin prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov prezident topshirig‘iga muvofiq “O‘zkomnazorat” rahbari G‘olibsher Ziyayev noto‘g‘ri va kelishilmagan xatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatilgani va holat yuzasidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilishini ma'lum qildi. Surishtiruv yakunlari bo‘yicha barcha aybdor rahbarlarga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘rilishi ta'kidlandi.

Shu voqealar fonida Davlat personallashtirish markazi shu kuni reyestrga kiritilgan 5ta platformani reyestrdan chiqardi.

Bu orada AKT vazirligi qovun tushirib qo‘ydi. Vazirlik saytida ijtimoiy tarmoqlar faoliyati cheklanmagani, balki “O‘zbktelekom” AKdagi texnik nosozlik tufayli uzilishlar bo‘layotgani aytilgan bayonot chiqdi. Shunga o‘xshash mazmundagi axborot “O‘zbektelekom” saytiga ham joylandi.

Qiziqmi? Bir tarafdan prezident “O‘zkomnazorat” hukumat ko‘rsatmasiga asosan ijtimoiy tarmoqlarni cheklaganini bildirib, tashkilot rahbarini ishdan olib turibdi. Bir tarafdan vazirlik hech qanday cheklov bo‘lmadi, deb bayonot beryapti.

Tez orada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi o‘zining yolg‘on bayonotini o‘chirib tashladi, “O‘zbektelekom” saytiga ehtimol majburan joylashtirilgan axborot ham olib tashlandi. Axborot asrida vazirlikning bayonoti ham, Davlat personallashtirish markazi reyestriga kiritilgan ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxati ham o‘chib ketmasligi hammaga ma'lum.

Shu bilan kun yakuniga borib “O‘zkomnazorat” tomonidan shu kuni cheklov qo‘yilgan Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar faoliyati tiklandi. Reyestrga avvalroq kiritilgan Twitter, TikTok, Skype, Vkontakte va Wechat platformalariga nisbatan cheklovlar saqlanib qoldi.

O‘zbekistonlik eng ko‘p foydalanadigan messenjer hisoblangan Telegram vakili ham kompaniya tomonidan blokirovkaga qarshi ko‘rilgan choralar natijasida messenjer bir necha soat ichida proksi-server va VPNsiz ishlay boshlaganini bildirdi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning faoliyati qanday asoslarga ko‘ra cheklanmoqda? “O‘zkomnazorat” rahbarining ishdan olinishi bilan barcha masala hal bo‘ladimi?

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar faoliyatining cheklanishi “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga joriy yil yanvar oyida qo‘shilgan 27-1-modda bilan bog‘liq. Bu modda 2021 yil 16 apreldan qonuniy kuchga kirgan.

Unga ko‘ra, mulkdor yoki operatorlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda saqlanishini ta'minlashi shart.

Qonunni qabul qilgan deputatlar bu yerda barcha ijtimoiy tarmoq va messenjerlar, onlayn pochta xizmatlari va Google, Yandeks kabi internet servislari haqida gap ketayotganini aytadi. Bu platformalardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlari joylashgan serverlarni jismonan O‘zbekistonga olib kelish talab qilinyapti.

O‘zbekistonliklarning shaxsiga doir ma'lumotlari (ism-familiyasi, telefon raqami va pasport ma'lumotlari kabilar) joylashgan serverlarni olib kelishdan bosh tortgan xorijiy tarmoqlarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi.

Bir necha kun oldin kuchga kirgan yana bir qonun asosida ijtimoiy tarmoqlar yuqoridagi talablarni buzgan taqdirda ular ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.

“O‘zkomnazorat” rahbari G‘olibsher Ziyayev ishdan olingan bo‘lsa-da, qonun amalda va tarmoqlar faoliyati yana cheklanishi mumkin.

Jamoatchilikni keskin e'tiroziga sabab bo‘lgan qonunni kimlar imi-jimida qabul qilib yuborgan? Albatta, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar va senatorlar! Lekin tashabbuskor va ijro uchun mas'ullar hisoblangan Davlat personallashtirish markazi, “O‘zkomnazorat”  va Oliy Majlis palatalari saytida biror marta ham ushbu qonunning iqtisodiy, siyosiy oqibatlari, O‘zbekistonning xalqaro imijiga ta'siri haqida ma'lumotlar berilmagan. Bu borada xalqaro tajriba, O‘zbekistonning texnik imkoniyatlari haqida o‘rganilgani ham ma'lum emas.

Masalan, birgina Kun.uz saytida “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1-moddasi yuzasidan yigirmadan ortiq tahliliy maqolalar, intervyu va jamoatchilik vakillarining fikrlari to‘plab, chop etilgan.

Rossiyaning “Roskomnadzor”idan birga-bir ko‘chirilgan “O‘zkomnazorat”, xuddi o‘sha tashkilot kabi so‘z erkinligiga tahdid solib, ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklashga kirishib ketdi. “O‘zkomnazorat” va boshqa mas'ullar, shu kunga qadar O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarni cheklash uchun budjetdan qancha pul olinayotganini, cheklovni har bir daqiqasi xalq uchun necha pulga tushayotganini ham ochiqlamagan.

Alohida ta'kidlash kerak, fuqarolarning shaxsga doir ma'lumotlari haqida hukumat qanchalik “qayg‘urishi”ni jamoatchilik o‘tgan yili IMEI-kodlar bilan bog‘liq voqeada ko‘rdi.

Darvoqe, hukumat haqida. Vazirlar Mahkamasi bu voqea bo‘yicha hamon birorta ham izoh bergani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash tashabbuskori kimligi bo‘yicha jamoatchilikdagi gumonlarga to‘la aniqlik kiritilmay qolmoqda.

Bugun, 4 noyabr kuni internet-platformalar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq voqea ortidan bosh vazirning IT bo‘yicha maslahatchisi Olimjon Umarov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ham egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Ha aytgancha, bugunning o‘zida “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 27-1-moddasini bekor qilishni so‘rab jamoaviy murojaat joylandi.

Hozircha shular. Kun.uz yana bu mavzuga qaytadi.

Top