O‘zbekiston | 11:36 / 28.01.2022
39854
3 daqiqa o‘qiladi

6 ta modda bo‘yicha ayblov, 5 jildlik jinoyat ishi - namanganlik “uchastkavoy”ning sudiga oid tafsilotlar

Ichki ishlar vaziriga murojaat qilganidan so‘ng qamoqqa olingan sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyev ustidan sud ishi OAV va blogerlar tomonidan kuzatib borilmoqda. Jamoatchilik vakillarining sudda ishtirok etishlariga va jarayonni tasvirga olishlariga ruxsat bergan sudya hukm kuchga kirmaguncha tasvirlarni tarqatishni taqiqladi.

Foto: Kun.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida 13 yanvar kuni boshlangan sud ishida ayblanuvchi ayblov xulosasi va ish hujjatlari bilan tanish emasligi sababli 10 kunga tanaffus e’lon qilingandi. 24 yanvar kuni sud ishi davom ettirildi.

Foto: Kun.uz

Sudlanuvchi jarayon ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tomonidan to‘liq videotasvirga olib borilishini so‘rab, sud raisiga iltimosnoma kiritgan. Prokuror esa ish IIVga aloqadorligi, unda sohaga oid davlat sirlari ko‘rilishi mumkinligi vaji bilan ushbu iltimosnomani rad etishni so‘ragan. Sud maslahatlashuvdan so‘ng jarayonni videotasvirga olishga ruxsat bergan, faqat sudga ta’sir o‘tkazilishining oldini olish maqsadida hukm e’lon qilinmaguncha ushbu videotasvirlarni tarqatishni taqiqlagan.

25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida guvohlar va jabrlanuvchilar ko‘rsatma bergan. Sud majlisida Sardorbek Otaboyev ularning ko‘rsatmalariga munosabat bildirgan va o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarning barchasini inkor etgan.

Sardorbek Otaboyev / Foto: Kun.uz

26 yanvar kuniga belgilangan sud majlisi 28 yanvarga qoldirilgan. Ishni ko‘rib chiqayotgan sudya – Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi raisi Baxtiyor Tavakkalov bu holatni jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilar va Sardorbek Otaboyevning suddagi ko‘rsatmasida tilga olingan guvohlarni topishning imkoni bo‘lmagani bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, Namangan shahar prokuraturasi sobiq inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 6ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. Prokuratura tomonidan sudga taqdim etilgan ayblov xulosasida Sardorbek Otaboyev Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 230-1-moddasi 1-qismi, 168-moddasi 3-qismi “b,v” bandlari (O‘ta xavfli retsidivist tomonidan; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan firibgarlik), 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Mansab soxtakorligi), 238-moddasi 2-qismi (Yolg‘on guvohlik berish), 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) hamda 208-moddasi (Hokimiyat harakatsizligi)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Jinoyat ishi hujjatlari 5 jildga jamlangan.

Kun.uz jamoatchilik diqqat-markazida turgan ushbu sud jarayonini yoritib boradi. Sud jarayoni bo‘yicha videomaterial hukm kuchga kirganidan so‘ng e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid