Jahon | 07:34 / 18.05.2022
20571
7 daqiqa o‘qiladi

Kiyev va Moskva muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi. Ularni o‘tkazishga nima xalal bermoqda?

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari to‘xtab qolgan. Bu haqda har ikki tomon vakillari rasman tasdiqladi. So‘nggi marta tomonlar mart oyi oxirida Istanbulda o‘zaro uchrashuv o‘tkazishgandi. Shundan keyin Moskva muzokaralarni onlayn formatda o‘tkazishni taklif qildi, Kiyev esa prezidentlar uchrashishini talab qilmoqda.

SERGEI KARPUKHIN/TASS

Muzokaralar rasman to‘xtatilgani haqida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko hamda Ukraina prezident ofisi vakili Mixail Podolyak ma’lum qilishdi. «Muzokaralar davom ettirilmaydi, Ukraina jarayondan chiqib ketdi», dedi Rudenko «Valday» muhokama klubi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Uning aytishicha, muzokaralar hech qanday ko‘rinishda davom etmayapti.

«Ukraina va RF o‘rtasida muzokaralar to‘xtatildi. Ammo qachondir tiklanadi va menimcha, unda moderator Zelenskiy bo‘ladi», dedi Ukraina tomonidan muzokaralarda qatnashgan Mixail Podolyak. U Ukraina «Putinning yuzini saqlab qolish uchun» hech nima bermasligini aytdi.

Ukraina prezidenti muzokaralar haqida gapirar ekan qisqacha talabini shunday bayon qildi: «Men Putin bilan gaplashishga tayyorman, lekin faqat u bilan», dedi Zelenskiy hech qanday vositachi kerak emasligini aytib.

Muzokaralar qanday kechgandi?

Tomonlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan 4 kun o‘tib – 28 fevral kuni Belarusda ilk marta muzokara o‘tkazishgandi. Mart oyida yana bir necha marta uchrashuvlar o‘tkazildi. 10 mart kuni ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Dmitro Kuleba hamda Sergey Lavrov Turkiyada uchrashdi.

Oxirgi marta tomonlar to‘liq tarkibda 29 mart kuni Turkiyada uchrashgandi. Rossiya muzokarachilari yetakchisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, o‘shanda Ukraina tomonidan xalqaro xavfsizlik kafolati evaziga yadro qurolidan xoli bo‘lish va harbiy bloklarga kirmaslik kafolatlangan statusga o‘tish taklif qilingan. Ukraina tomoni bu faktni tasdiqladi.

Aynan o‘sha vaqtda Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev hamda Chernigov yo‘nalishida faollikni bir necha barobar kamaytirganini ma’lum qilgandi. Ko‘p o‘tmay muzokaralar onlayn formatda davom etishi aytildi, bir necha muzokaralar ham o‘tkazildi. Ammo Moskva Kiyev tomoni aytilgan gaplardan tonayotganini iddao qila boshlagach, muzokaralar to‘xtab qoldi.

BBC nimani aniqladi?

BBC bu borada surishtiruv o‘tkazib, tomonlar nega muzokaralardan bosh tortayotganiga aniqlik kiritishga harakat qildi. Nashr muxbiri aniqlashicha, Ukraina tomoni muzokaralarni to‘xtatishiga Buchadagi qirg‘in, Rossiyaga esa «Moskva» krayseri yo‘q qilingani ta’sir qilgan.

BBC bilan suhbatlashgan muzokaralardan xabardor manbalarning aytishicha, urush taqdiri endi faqat jang maydonida hal bo‘ladi. O‘zi diplomatik muloqot o‘tkazishdan maqsad ikki davlat keyinchalik qanday yashashi, kelajakda bunday mojaro takrorlanmasligi uchun kelishib olishdan iborat.

Endi bunga umid qilish qiyin. Frontdagi holat diplomatik muloqot, agar u o‘tkazilsa, yo‘nalishiga ham ta’sir qiladi.

Muzokara bo‘lmasa, urush bo‘laveradi

Rossiyaning Ukrainaga raketa zarbalari to‘xtamayapti. Xususan, 17 mayga o‘tar kechasi Lvov viloyati urush boshlangandan buyon eng jiddiy raketa zarbalari ostida qolgani aytildi. Quruqlikdagi urushlar esa asosan Ukraina sharqida olib borilmoqda. Ukraina tomoni berayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Donbassda nazoratini kengaytirishga urinmoqda. Ukraina esa Xarkovda muvaffaqiyat qozonyapti. Ukrain armiyasi maxsus kuchlarining bir guruhi rus kuchlarini chekintirib, Rossiya chegarasigacha yetgani ma’lum qilindi. Zelenskiy ularni qahramonlik uchun tabriklashga ham ulgurdi.

«Azovstal»da ham voqealar rivoji o‘zgardi. Ikki oydan buyon mudofaani ushlab kelayotgan Mariupol himoyachilarini zavod hududidan evakuatsiya qilish boshlandi. Zelenskiy zavoddagi askarlar yo‘q qilinishi muzokaralarni batamom to‘xtatishini ma’lum qilgandi. 16 may kuni og‘ir yaralangan ukrain harbiylaridan 53 nafari Novoazovskdagi kasalxonaga olib ketildi, 211 nafari esa asirlar almashinuvi doirasida Olenivkaga yo‘l oldi.

Rossiya bu harbiylarni asirlar deb atamoqda. Rossiya davlat Dumasining seshanba kungi yig‘ilishida xalqaro munosabatlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiy «Azovstal»dan chiqqan ukrain harbiylarini o‘ldirish kerakligini talab qildi. Vaholanki, ular asirlar almashinuvi doirasida ayirboshlanishiga kelishilgani aytilmoqda.

Moskvaning iddaolari

Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni dunyo yetakchilari bilan ikki marta muhokama qildi. 13 may kuni holatni Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muhokama qilgan Putin muzokaralar Kiyev tomonidan to‘xtatib qo‘yilganini aytdi. Keyingi kuni Finlandiya prezidenti Sauli Niiniste Rossiya prezidentiga telefon qilib, mamlakat har qanaqasiga NATOga kirishidan xabardor qildi. Suhbat davomida Putin muzokaralar Kiyev tomonidan jiddiy qabul qilinmay to‘xtatilganini yana bir bor ta’kidlagan.

Ukraina muzokaralar boshidan buyon Zelenskiy va Putinning yuzma-yuz uchrashishini talab qilib keladi. Ammo Moskva har safar prezidentlar muzokara guruhlari aniq kelishuvni imzolashga tayyorlagachgina ko‘rishib, kelishuvni imzolashini bildiradi.

Zelenskiy Putin bilan shaxsan, yakkama-yakka gaplashish istagini bildirgan. U vositachi yordamida o‘tgan muloqot foyda bermasligini ta’kidlaydi.

«Putin bilan gaplashishga tayyorman, lekin faqat u bilan, qandaydir vositachilarsiz. Muloqot kayfiyatida, hech qanday ultimatumlarsiz», degandi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Qrim masalasini hozir hal qilib bo‘lmasligini ham aytgandi: «Biz hech qachon Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olmaymiz. Hozir urush ketmoqda, odamlarning omon qolishi hal bo‘lyapti. Turkiyada delegatsiyamiz bu masalani 10 yil ichida hal qilishni taklif etgandi. Bu taklifga javob berishmadi», degandi Ukraina yetakchisi.

AQSh Milliy razvedkasi direktori Evril Heyns Rossiya Donbassda o‘z maqsadlariga erishsa ham urush tugamasligini aytdi. Uning AQSh razvedka ma’lumotlariga tayanib fikr bildirishicha, muzokaralar yaqin vaqt ichida davom ettirilishiga hech qanday umid yo‘q.

Mavzuga oid